1 aprel kuni Buxoro viloyatida "Nasriddin Afandi" festivaliga start berildi. Festival doirasida 10 dan ortiq loyiha o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, shunday loyihalardan biri Sharq taomlari va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rgazmalari, shirinliklar, qandolat, salat va karving san'ati bo‘yicha mahorat darslaridir. KUN.UZ Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari bergan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Loyihaning eng aziz mehmonlari Turkiya va Yaponiya davlatlaridan tashrif buyurgan mahoratli oshpazlar ham bu tadbirda faol qatnashishdi. Qizig‘i shundaki, mehmon-oshpazlar tadbirda qatnashish bilan bir vaqtda viloyat ahli hamda chet ellik sayyohlar uchun milliy taomlarni tayyorlash bo‘yicha mahorat darslarini olib borishmoqda.


«Nasriddin Afandi» festivali doirasida viloyatning barcha tuman va shaharlari o‘z milliy taomlari joy olgan to‘kin bayram dasturxonini yozishdi. Ayniqsa, G‘ijduvon va Shofirkon tumanlarining bayram dasturxonlari ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
Buxoroda o‘tkazilayotgan «Nasriddin Afandi» festivali ishtirokchilarning tantanali yurishlari bilan boshlandi. Festival ishtirokchilari «Ark» qo‘rg‘onidan "Labi-hovuz" majmuasiga qadar bo‘lgan masofani bosib o‘tishdi. Ishtirokchilar qatoridan viloyat musiqali drama teatri aktyorlari, yoshlar, bir guruh san'at vakillari joy olishgan. Tantanali yurish manzilga yetib kelgunga qadar tomoshabinlarni ham o‘z safiga chorladi.

«Nasriddin Afandi» festivali ishtirokchilarining tantanali yurishlari bayramona kayfiyatda o‘tdi. Ularning quvnoq hazillari, ajoyib raqslari, afandinamo kiyimlarining bari viloyatimiz ahli bilan birgalikda chet ellik sayyohlarni ham o‘ziga jalb etdi.























