Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Amir Temur dunyoga kelgan Xo‘ja ilg‘or qishlog‘ida sohibqironning yoshlik yillariga bag‘ishlangan muzey ekspozitsiyasini tashkil etishga doir loyihasini taqdim etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov bu borada KUN.UZ'ga quyidagilarni ma'lum qildi:

"Prezidentimiz Qashqadaryoga tashrif buyurganlarida Amir Temur tug‘ilgan qishloqni turizm maskaniga aylantirishga doir taqdimot o‘tkazgan edik. Shu yo‘nalishda qator takliflar kiritilgandi. Xalqaro tajribalarda ham shunday loyihalar ko‘plab amalga oshirilganini ko‘rish mumkin. Shunga muvofiq sohibqiron tug‘ilgan Xo‘ja ilg‘or qishlog‘ida uning yoshlik yillariga bag‘ishlangan yodgorlik o‘rnatish, atrofdagi hududni obodonlashtirish va turistik maskanga aylantirish g‘oyasi berildi. Ushbu takliflar yurtboshimiz tomonidan ma'qullandi. Bundan tashqari, boshqa qator loyihalar ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Masalan, 9 aprel, ya'ni Amir Temur tug‘ilgan kuni Xalqaro Press-klub bilan birgalikda Xo‘ja ilg‘or qishlog‘idan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir olib boriladi va ko‘plab qiziqarli tadbirlar o‘tkaziladi".

Aziz Abduhakimov tomonidan taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, muzey binosi o‘zbek xalqining an'anaviy uy-joy me'morchiligi sifatida qurilib, hovlisida turli xil mevali va manzarali daraxtlar ekiladi, katta ishkom yaratiladi. Ishkom ostida chorpoyalar va o‘rindiqlar qo‘yiladi. Hovli haqiqiy o‘zbek xonadonini aks ettiradi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Xo‘ja ilg‘or qishlog‘idagi Amir Temur muzeyi uch zaldan iborat bo‘ladi.

  1. O‘rta asrlardagi an'anaviy o‘zbek uyi



    Xona uy jihozlari, beshik jihozlari, gilamlar, chaqaloq tug‘ilganida ishlatiladigan “chilla idishlari”, tancha, ro‘zg‘or idishlari, turli xil sopol va mis idishlar, baxmal va adrasdan tikilgan ko‘rpa hamda ko‘rpachalar, osmon jismlari aks etgan so‘zana va kashtalar qo‘yiladi. O‘rta asrlarga oid arab alifbosi - haftayak, siyohdon, daftar-kitob uchun xalta, lavhlar, kitob javoni, turli xil hajmdagi sandiq va sandiqchalar bilan jihozlanadi. Shuningdek unda Temurbekning tug‘ilishi mazmuni aks etgan rassomlarning asarlari namoyish etiladi. Kartinalar Qashqadaryo viloyati muzeylari fondi va Badiiy Akademiya fondidan keltiriladi. Bundan tashqari, zalda sohibqironning ota-onasiga oid ma'lumotlar ham o‘rin oladi.