O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligining:
iste'dodli ijodkorlarga “Ijod” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan aniq ijtimoiy buyurtmalar berish tizimini shakllantirish;
badiiy asarlarni xorijiy tillarga tarjima qilish maqsadida milliy adabiyotimizning eng yaxshi namunalarini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiya tuzish;
komissiya tomonidan saralangan asarlarni “Ijod” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan xorijiy tillarga yuqori sifat bilan tarjima qilish va chet ellarda nashr ettirish;
badiiy adabiyot bo‘yicha yosh tarjimonlarni tayyorlash, faoliyat ko‘rsatayotgan tarjimonlarning professional malakasi va mahoratini oshirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
respublika bo‘yicha “Kitob aksiyasi” tadbirlarini muntazam yo‘lga qo‘ygan holda, mahalla va maktablar, “Mehribonlik uylari”ga “Ijod” jamoat fondi homiyligida chop etilgan kitoblarni bepul yetkazib berish haqidagi takliflari ma'qullandi.
















