O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilingan.
Hujjatda qayd etilishicha, baliqchilik tarmog‘ida hanuzgacha ko‘plab kamchilik va muammolar saqlanib qolmoqda, ularni samarali hal etish ishchanlik faolligini oshirish, investitsiyalarni jalb etish, baliq yetishtirish uchun ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, eksport salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.
Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilmiy-innovatsion tadqiqotlar va ishlanmalar sifatini oshirish, ularning natijalarini amaliyotga keng joriy etish maqsadida:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani hokimligiga sud qarori bilan berilgan mol-mulk va yer uchastkalari, shu jumladan, suv havzalari negizida “Baliq ishlab chiqaruvchi” erkin iqtisodiy zonasini (keyingi o‘rinlarda “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZ deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.
Quyidagilar “Baliq ishlab chiqaruvchi” EIZning asosiy vazifalari etib belgilandi:
ishlab chiqarish, sun'iy suv havzalarini baliqlantirishni yanada rivojlantirish va baliqchilik xo‘jaliklarini ta'minlash uchun baliqning yangi va sinalgan turlarini iqlimlashtirish orqali naslli baliq chavoqlarini yaratish;
nasldor baliq lichinkalari yetishtiruvchi zamonaviy inkubatsion sex faoliyatini tashkil etish, baliq chavoqlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish, mavjud baliq chavoqlarini yetishtiruvchi suv havzalarini modernizatsiya qilish va qayta ta'mirlash;
o‘z ehtiyoji va baliqchilik xo‘jaliklari uchun to‘la qiymatli va yuqori oqsilli ozuqalarni ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy quvvatlarni yaratish orqali ozuqa bazasini mustahkamlash, don va don ekinlarini ekish yo‘li bilan bug‘doy va soyaga bo‘lgan o‘z ehtiyojlarini qondirish;
innovatsion va zamonaviy intensiv texnologiyalarni keng joriy qilish, shu jumladan, qafas (sadok) usulida, yopiq suv aylanma tizimi qurilmalarida baliq yetishtirish hamda sun'iy suv havzalari hosildorligini oshirish hisobiga baliq ovlash hajmlarini ko‘paytirish;

















