O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 apreldagi «Respublikada yagona repertuar siyosati yuritilishini ta'minlashga yo‘naltirilgan respublika kinoprokat tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 272-sonli qarori qabul qilindi.
Huquqiy axborot kanalining sharhiga ko‘ra, qaror bilan «Aholiga kinovideo xizmati ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom» tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq:
- «O‘zbekkino» Milliy agentligi tizimidagi kinovideo-tomosha tashkilotlariga kirish chiptalari narxi Agentlik tomonidan, boshqa kinovideo-tomosha tashkilotlariga kirish chiptalarining narxi ushbu tashkilotlarning o‘zlari tomonidan mustaqil belgilanadi;
- kinovideo-tomosha tashkilotlari muayyan kinoseans boshlanishidan kamida 30 daqiqa avval belgilangan kinoseansga chiptalar savdosini boshlashi shart.
- kinozalga kirish seansdan kamida 15 daqiqa oldin boshlanadi;
- yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar voyaga yetgan kuzatuvchi hamrohligida, bolalar uchun belgilangan narxlarda kirish chiptasi bilan kinozalga kiritiladi;
- repertuarda rejalashtirilgan film kinoseans uchun kinozalga yig‘ilgan tomoshabinlarning sonidan qat'i nazar, chipta sotilgan bo‘lsa namoyish qilinishi shart;
- kinoseans vaqtida videokamera, telefon, planshet va boshqa raqamli elektron jihozlardan foydalanish, namoyish etilayotgan filmni video-foto tasvirga olish, baland ovozda gaplashish va boshqa tomoshabinlarga xalaqit berish taqiqlanadi;
- kinovideo-tomosha tashkilotlari kinofilmlarni sifatli namoyish qilish, tomoshabinlarga sifatli xizmat ko‘rsatish, hojatxona, ona va bola xonasi, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish vositalaridan bepul foydalanishga imkoniyat yaratib berilishi shart.
















