O‘zbekiston | 18:37 / 10.04.2018
13300
3 daqiqa o‘qiladi

12 apreldan Toshkentdan Olmaotaga avtobus qatnaydi

Foto: migrant.ru

Toshkent shahridan Qozog‘istonning Olmaota shahriga 12 apreldan avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda «O‘zavtotrans» agentligi matbuot xizmati xabar bergan.

«Toshkent — Olmaota» xalqaro avtobus yo‘nalishi ochilish marosimi 11 aprel kuni soat 16:00da bo‘lib o‘tadi va muntazam qatnovlar 12 aprel kunidan yo‘lga qo‘yilib, «Toshkent» avtovokzalidan kuniga 3 martadan (soat 16-00; 17-00 va 18-00) qatnov amalga oshiriladi. «Olmaota — Toshkent» yo‘nalishidagi reyslar «Sayran» avtovokzalidan yo‘lga chiqadi.

«O‘zavtotrans» agentligi Qozog‘iston Respublikasi Investitsiyalar va rivojlanish vazirligining transport qo‘mitasi bilan hamkorlikda xalqaro avtobus yo‘nalishini ochish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini amalga oshirgan. 11 aprel kuni sinov reysi amalga oshiriladi.

Yo‘nalish masofasi 818 kilometrni, yo‘ldagi vaqt esa 16 soatu 30 daqiqani tashkil etadi. Jadvallarda «G‘isht Ko‘prik» (O‘zbekiston) va «Jibek Jo‘li» (Qozog‘iston) chegara va bojxona nazorat punkti tekshiruvidan o‘tish uchun 30 daqiqadan vaqt ajratilgan.

Tashuvchilar tomonidan yo‘nalish bo‘yicha yo‘l haqi narxi 100 ming so‘m va tegishli ravishda 4000 ming tenge narxda tashilishi tashuvchilar tomonidan e'lon qilindi. O‘zbekiston bu yo‘nalishda «ERKIN EMINA EXPRESS TOUR» MChJ tasarrufidagi YUTONG (Xitoy), Qozog‘iston esa «YuG TRANS LAYN»ning VANHOL (Belgiya) markali avtobuslaridan foydalanadi.

«Avtobuslar harakati jadvaliga rioya etish maqsadida, tomonlar bojxonachilari va chegarachilari «Toshkent – Olmaota – Toshkent» xalqaro avtobus yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan avtobuslar va yo‘lovchilarni «G‘isht Ko‘prik» (O‘zbekiston) va «Jibek Jo‘li» (Qozog‘iston) chegara va bojxona nazorat punktlaridan o‘tish jarayonini ustuvor tartibda amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni hal etishgan, bu esa yo‘lovchilar uchun muhim va ahamiyatli hollardan biri hisoblanadi», deyilgan xabarda.

Mavzuga oid