Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga o‘quvchilarni qabul qilishda yozma ish (diktant), nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash hamda yakka tartibdagi yakuniy suhbat o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
Ko‘rsatilgan sinovlar dastlabki tanlovdan keyin o‘tkaziladi va maxsus professional tanlovning bosqichlari hisoblanadi. Ularning natijalariga ko‘ra nomzodlarni IIV akademik litseylariga kirish uchun test sinovlarini topshirishga qo‘yish tavsiya etiladi.
Maxsus professional tanlov qabul qilishning 1 iyunidan 25 iyuniga qadar o‘tkaziladi.
Diktant qanday o‘tkaziladi
Diktant nomzodning orfografik va punktuatsion savodxonlik darajasini aniqlash uchun Ichki ishlar vazirligi tasdiqlagan qabul komissiyasi tomonidan akademik litsey binosida o‘tkaziladi. Komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan diktant mavzulari va matnlari komissiya kotibida saqlanadi va oshkor qilinmasligi lozim. Diktant o‘tkazish tartibi tushuntirilayotganda nomzodga raqamlangan daftar beriladi.
Diktant matnining hajmi 100–120 ta so‘zdan iborat bo‘ladi. Matn bir marotaba tushunarli va to‘liq o‘qib eshittiriladi, shundan keyin diktant yozish boshlanadi. Komissiya a'zosi har bir gapni sekin birma-bir o‘qib beradi. Nomzodlar gapni yozib bo‘lganidan keyin u yana bir marotaba o‘qib beriladi. Mutaxassislar diktantni shu kunning o‘zida tasdiqlangan mezonlardan kelib chiqib 5 ballik tizimda baholaydilar. Baholar shu kunning o‘zida e'lonlar taxtasiga joylashtiriladi.
Jismoniy tayyorgarlik darajasi qanday aniqlanadi
Umumjismoniy holatni baholash tasdiqlangan mashqlar komplekslari bajarilishini tekshirish orqali amalga oshiriladi. Nomzodlar sport kiyimida bo‘lishlari shart. Umumjismoniy tayyorgarlik mashqlari va tegishli talablar o‘g‘il bolalar va qiz bolalar uchun alohida belgilanadi.
Mashqlarni bajarish oralig‘ida dam olish uchun kamida 10 daqiqa vaqt beriladi. Umumjismoniy tayyorgarlik darajasi komissiya a'zolari tomonidan shu vaqtning o‘zida tasdiqlangan mezonlardan kelib chiqib 5 ballik tizimda baholanadi. Baholar shu kunning o‘zida e'lonlar taxtasiga joylashtirish orqali e'tiborga yetkaziladi.

















