Samarqand viloyati va Xitoyning Shensi provinsiyasi ishbilarmon doiralari o‘rtasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish maqsadida Sian shahrida xalqaro biznes-forum va taqdimotlar o‘tkazilmoqda.

Viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev boshchiligidagi delegatsiya shu kunlarda Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasida bo‘lib turibdi, deb xabar bermoqda Kun.uz’ga viloyat hokimligi matbuot xizmati.

8 aprel kuni Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasi ishbilarmonlar doiralari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish maqsadida viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiya a'zolari Sian shahridagi xalqaro logistika markazida viloyatning investitsion imkoniyatlari hamda eksport salohiyati mavzusida biznes-forum o‘tkazdi.

Tadbirda Sian shahrining vitse-meri, janob Gao Gao, Shensi provinsiyasi tashqi ishlar departamenti mas'ul xodimlari hamda yirik ishbilarmon vakillari ishtirok etishdi.

O‘tkazilgan biznes forumda O‘zbekiston Respublikasi, jumladan, Samarqand viloyatining investitsion imkoniyatlari, eksport salohiyati to‘g‘risida taqdimot o‘tkazilib, videorolik namoyish etildi.

Sianlik ishbilarmonlar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilingan biznes-forum savol-javoblarga boy bo‘ldi. Taqdimot yakunida Samarqanddan tashrif buyurgan 26 nafar tadbirkor va Shensi provinsiyasidan ishtirok etgan kompaniyalar vakillari o‘zaro muzokara olib borishdi.

Tashrifning birinchi kunida qiymati 23,6 mln. dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilish hisobiga 3ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Jumladan, «Sam Eco Root» MChJ korxonasi negizida qizilmiya ekstrakti va kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishda «Liaoning Sindpond Titanium Industry» kompaniyasi qiymati 12,6 mln. dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyani yo‘naltirish bo‘yicha memorandum imzolandi.

«Optima Sobirjon» MChJ negizida meditsina sohasida bir marta ishlatiladigan lateks qo‘lqoplar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun «CTMTS» kompaniyasidan qiymati 1 mln. dollarlik asbob-uskunalarni sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolandi.