O‘zbekiston | 12:30 / 11.04.2018
46096
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining ko‘p yillik raisi ishdan olindi

Foto: lib.uz

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali lavozimini tark etgan. 

Bugun, 11 aprel kuni uyushmada navbatdan tashqari yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda ishtirok etgan «Kun.uz» manbasi bergan ma'lumotga ko‘ra, yig‘ilishda 2013 yildan buyon uyushmaga raislik qilib kelgan Muhammad Ali lavozimdan ozod etilgani e'lon qilinib, uning o‘rniga rais o‘rinbosari, shoir Sirojiddin Sayyid uyushmaning yangi raisi sifatida tanishtirilgan.

O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid 1958 yilda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. U Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetini tamomlagan. Turli yillarda «Toshkent oqshomi» («Vecherniy Tashkent») gazetasida, shuningdek, «Mushtum» jurnalida ishlagan. Shu vaqtgacha O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi birinchi o‘rinbosari lavozimi bilan bir vaqtda «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasi bosh muharriri sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.

Foto: Yozuvchilar uyushmasi

Endilikda uning o‘rniga shu kungacha O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatida bo‘lim boshlig‘i sifatida ishlab kelayotgan shoir Minhojiddin Mirzo raisning ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

Raisning yana bir o‘rinbosari, yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosar boshqa ishga o‘tgan Iqbol Mirzo (Oliy Majlis Senati qo‘mitasi raisligiga - tahr.) o‘rniga «Yoshlik» jurnali bosh muharriri, shoir Nodir Jonuzoq tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti 5 aprel kuni «O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini imzolagandi. Unda uyushma faoliyatini takomillashtirish va uning ish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari belgilab berilgandi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi 1934 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan yozuvchilarning birinchi qurultoyida tashkil etilgan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbari va uning 3 nafar o‘rinbosari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining barcha viloyat bo‘limlari mas'ul kotiblari bor.  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining shtat birligi jami: 47 kishi bo‘lib, shulardan barcha viloyatlarda jami 24 nafar xodim faoliyat ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi, respublika ma'naviy targ‘ibot markazi, jamg‘armalar, boshqa uyushmalar va boshqa jamiki davlat hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi muassisligida «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasi, «Sharq yulduzi», «Zvezda Vostoka», «Yoshlik», «Jahon adabiyoti» jurnallari nashr etiladi.

Mavzuga oid