Kataloniya gazetalari chorak finali qur'a natijalarini juda iliq kutib olishgan, Rim jamoasini juda oson hazm bo‘ladigan desertga qiyoslashgan ekan.

«Roma» har qancha kuchli o‘ynamasin, agar u «Barselona»ni 3:0 hisobida yutar ekan, sabablarni raqibdan ham qidirib ko‘rishga to‘g‘ri keladi, menimcha. Kechagi kambekni so‘nggi yillarda kuzatganimiz – «Barselona»ning «PSJ» yoki «Milan»ga qarshi o‘yinlardagi irodasiga o‘xshatib bo‘lmaydi. Agar «Manchester Siti» «Liverpul»dagi 0:3 hisobini o‘z foydasiga o‘zgartira olganda ham, Rimdagi o‘yin butunlay boshqacha ekanini sezib turgan bo‘lardik baribir.
Sababi, «PSJ» ham, «Milan» ham, «Liverpul» ham paydo bo‘lgan bu ustunlik hali yetarli emasligini bilib turishar, bor diqqatini javob o‘yiniga qaratishgan ham edi. Muhit, o‘yin oldi holatlarning barchasi «kambek bo‘ladimi yoki yo‘qmi» degan savol atrofiga qurilgandi. Rimdachi? «Roma» bu o‘yinga qanday tayyorgarlik ko‘rgan bilmadim-u, «Barselona» futbolchilarining xayolida javob o‘yinidan-da ko‘proq, «Real»ning chempionlik «koridori» bo‘lgani shubhasiz. YeChL favoritining chorak finalga chiqishi ham katta muvaffaqiyat bo‘lgan oddiy klub ustidan yirik g‘alabasi va rasmiy javob o‘yini... Shu xolos. Bunday holatda diqqatni jamlash Valverdening o‘ziga ham oson bo‘lmagandir?
Agar parallel topish lozim bo‘lsa, 2003/04 yilgi mavsumda «Milan»ning «Deportivo» bilan o‘yinlari yodga tushadi. O‘shanda, «Milan» dastlabki o‘yinda ispanlar ustidan 4:1 hisobida ustun kelgan. Javob o‘yinida milanliklar kutilmagan qarshilikka duch kelishadi. «Deportivo» birinchi bo‘limdayoq uchta gol urib vaziyatni o‘z tomoniga og‘diradi. Ikkinchi bo‘limda to‘rtinchi gol ham kiritiladi. O‘yindan keyin italiyaliklar bosh murabbiyi Karlo Anchelotti qiziq gap aytgandi: «Agar birinchi o‘yinda kichik hisobda yutganimizda imkoniyatimiz ko‘proq bo‘lardi. Biz o‘zimizga ortiqcha ishonib yubordik, o‘yin paytida esa, ortga qaytishning imkoni bo‘lmadi. Raqib o‘z kuchiga ishonib bo‘lgandi».
Nafaqat Anchelotti, juda ko‘p italiyalik murabbiylarning 1:0dan ko‘ra, 2:0dan qo‘rqishlari haqida eshitganman. Minimal hisobda jamoa bor diqqatini natijani saqlab qolishga jamlaydi, ikkinchi gol esa bo‘shashtirib yuborishi mumkin. Agar raqib hisobni qisqartirsa, endi avvalgi 1:0 hisobidagi holatga qaytib bo‘lmaydi – raqib kuchayib ketadi.
Bu yerda gap faqat ruhiyatda emas. Tasavvur qiling, agar «Barselona» birinchi o‘yinda 2:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lganida? Oltinchi daqiqadayoq vaziyatda orqada bo‘lib qolgan «Barselona»da vaziyatni o‘nglash uchun 85 daqiqa bo‘lmasmidi? Kecha esa, faqat o‘n daqiqa qolgandi. Va albatta, butun mavsum yutqazmagan «Barselona» darvozasiga uchta gol urishni uddasidan chiqqan «Roma»ni butun dunyo to‘xtata olmasdi endi. Bu birinchidan.




















