Yevropa va Osiyoni, Qora dengiz va O‘rta yer dengizini bog‘lab turuvchi, ikki qit'a madaniyati uyg‘unlashgan bu shaharga safarni fevral oyida rejalashtirgan bo‘lsak-da, turli sabablar, rasmiylashtirish lozim bo‘lgan hujjatlarni tayyorlash, topshirish va kutish, aviachipta tanqisligi muammolari bilan mart oyida amalga oshadigan bo‘ldi.

Aviachiptani Qozog‘istondan oldik

Istanbulga nafaqat Toshkentdan, balki Samarqanddan ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilganiga ancha bo‘ldi. Qo‘shni davlatdan bilet olishimiz esa narx-navo bilan bog‘liq. Samarqanddan Chimkent xalqaro aeroportigacha yengil mashinada besh-olti soatlik yo‘l. Xuddi shu vaqt ichida shahrimizdan Istanbulga ham yetib borish mumkin. Afsuski, hali-hamon ko‘pchilik ancha vaqtini yo‘qotib, Qozog‘iston shaharlari orqali Turkiyaga borishni ma'qul ko‘radi.

Fevral oyining so‘nggi kunlarida Samarqand shahridagi aviakassalardan Istanbulga chipta surishtirdim. Yaqin o‘n kunlarga borish-kelish chiptasi besh million so‘m (600 AQSh dollaridan ziyod) gacha ekan. Qo‘shni davlatda esa Istanbulga bilet 240 AQSh dollari! 3 mart kuniga. 

Shunday qilib, Turkiya safari qo‘shni davlatdan boshlanadigan bo‘ldi. Yo‘lga chiqish oldidan tanishlarimdan birining aytgan gapi biroz xavotirga sabab bo‘ldi. «Afsus, qimmat bo‘lsa ham shu yerdan uchmabsan, bir vaqtlar men qo‘shni davlatga borib kelgandim. Chegaradan o‘tishda uch soatlik navbat, hujjatlar rasmiylashtirish azobi sizlarni charchatib qo‘yadi…». Ammo o‘zbek-qozoq chegarasiga borganimizda xavotirga o‘rin qolmadi. O‘n besh daqiqa ichida hujjat va yuklarimiz ko‘zdan kechirilib, oq yo‘l ko‘rsatildi. Yaxshi kayfiyat bilan Chimkent viloyatiga kirib, aeroportga taksi yolladik, taxminan 100 kilometrlik masofa uchun kishi boshiga 800 tanga (taxminan 16–18 ming so‘m)ga kelishdik. Mashina yo‘lga chiqarkan, salondan tinimsiz ogohlantirish signali kelavergach, haydovchi xavfsizlik kamarini o‘tkazib olishimni so‘radi. 

Chimkent xalqaro aeroporti. Bu shahar Qozog‘istonning chekka hududlaridan ekanini hisobga olsak, zamonaviy va yo‘lovchilar uchun qulay aeroport. Parvozdan qirq daqiqa oldin terminalga kirib bordik, 20 daqiqada yuklarimiz qabul qilinib, pasport nazorati tugadi. 

To‘rt soatlik parvozdan so‘ng... Oqtov shahridagi aeroportga qo‘ndik. Ha, Istanbulga emas. Negaki, Chimkent va Istanbul oralig‘i Samarqanddagidek yaqin emas, masofa uzoq. Oqtovdan boshqa samolyotga o‘tishga to‘g‘ri keladi. Navbatdagi pasport nazorati va navbatdagi kutish bu safar malol keldi. Davolash uchun olib borayotgan farzandimiz toliqib qoldi. Shu yerga kelgandagina Chimkentdan ancha yaqin bo‘lgani holda o‘z yurtimizda aviachiptalarning haddan tashqari qimmatligi alam qildi. Ehtimol, boshqa davlatlarda qator aviakompaniyalar bo‘lgani holda bizda bor yo‘g‘i bitta – «O‘zbekiston havo yo‘llari» mavjudligi shunday holatga olib kelgandir. Axir, qachon, qaysi xizmat turi raqobatsiz halol va sifatli bo‘lgan? Darvoqe, yo‘l-yo‘lakay bizdan aholisi ikki barobar kam bo‘lgan Qozog‘istonda faoliyat ko‘rsatadigan uchta aviakompaniya nomiga ko‘zim tushdi. Aytaylik, sizga bu yerdagi «Skat» aviakompaniyasi xizmati yoqmasa, marhamat, «Eyr Astana» xizmatidan foydalanasiz. Bizda esa…