Ma'lumki, iqtisodiy o‘sishga erishish uchun mamlakatga xorijiy investitsiyalarni imkon qadar ko‘proq jalb etish lozim. Boz ustiga, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining ta'sirida O‘zbekistonga asosiy kapitalga kiritilgan xorijiy investitsiyalar hajmi kamayib ularning ulushi 2010 yildagi 28,3 foizdan 21,3 foizgacha pasaygan.

Ichki manbalar hisobiga O‘zbekiston iqtisodiyotida vujudga kelgan nomutanosibliklarni bartaraf etish va uni raqobatbardoshligini ta'minlab bo‘lmasligini tushunish qiyin emas. Shundan kelib chiqib, hukumatimiz tomonidan mamlakatimizning investitsion jozibadorligini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu boradagi eng muhim qadam — 2017 yilning sentabridan boshlangan valyuta bozorini liberallashtirish va erkin konvertatsiyani joriy etish bo‘ldi. Endilikda zamonaviy asbob-uskunalar, texnika va jihozlar, sifatli xom-ashyo nafaqat markazdan belgilangan sanoqli korxonalarga, balki real sektorning barcha sohalariga bozor tamoyillari asosida erkinlik bilan kirib kelmoqda va ushbu jarayon iqtisodiy munosabatlar takomillashib borishi bilan jiddiy ijobiy natijalar berishi mumkin.

Investitsiyalar oqimini kengaytirish yo‘li bilan mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish turli xil murakkab va bir-biri bilan chambarchas bog‘langan omillar bilan bog‘liq va shulardan biri soliq tizimidir. Ushbu tizim qanchalik takomillashgan bo‘lsa, shunga bog‘liq holda ishlab chiqarish samaradorligi oshadi va aholining turmush darajasi yaxshilanib boraveradi.

Bir tomondan, soliqlar davlat o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy funksiyalarini to‘laqonli bajarishi uchun moliyaviy manba bo‘lib xizmat qiladi.

Boshqa tomondan, ular yordamida tadbirkorlik faoliyati tartibga solinadi, iqtisodiy resurslar samarali ishlayotgan tadbirkorlar qo‘liga o‘tadi, sifatli va yangi-yangi ehtiyojlarni qondiradigan mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi va ularning hajmi o‘sib boradi.

Albatta, buning uchun nafaqat soliq tizimi, balki moliya, bank, savdo va boshqa sohalar ham takomillashgan bo‘lishi shart va ushbu jarayonlar mamlakatimizda muayyan ketma-ketlikda amalga oshirilmoqda. Umuman olganda, mustaqillik yillarida mamlakatimizda soliq tizimini isloh qilishga berilgan e'tibor boshqa sohalarga nisbatan kam bo‘lmagan. Yalpi ichki mahsulotga nisbatan soliq yukining 20-21 foizdan oshmasligi, foyda solig‘i stavkasining yuridik shaxslar uchun 7 foiz darajasida belgilanishi MDH doirasida uchramaydigan holat bo‘lib kelgan. Shu bilan birga davlat byudjyeti daromadlarining asosiy qismi bilvosita, jumladan aholi uchun zarur bo‘lgan tovarlar narxini oshirishga olib keladigan qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobiga shakllanishi demografik sharoiti og‘ir bo‘lgan O‘zbekiston uchun mantiqqa zid amaliyot ekanligini tan olish lozim.