O‘zbekiston | 12:05 / 13.04.2018
29897
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifini boshladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 13 aprel kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. 

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari Mirzaobod tumanidagi «Bek klaster» mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona tomonidan tashkil etilgan zamonaviy issiqxona bilan tanishdi. 

Prezident tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligida klaster usuli keng joriy etilmoqda. «Bek klaster» korxonasi shu yo‘nalishdagi yirik sub'yektlardan bo‘lib, unga Sirdaryo viloyatidan 18 ming gektar yer ajratilgan. Mazkur ko‘p tarmoqli klaster tomonidan Mirzaobod tumanida 100 gektar maydonda issiqxona tashkil etilgan. Bu yerda yiliga 25 million dollarlik mahsulot yetishtirish, ularni 100 foiz eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ilmiy asosda yetishtirish va saqlash, xaridorini hozirdan topish zarurligini ta'kidladi. Issiqxona konstruksiyalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, meva-sabzavotchilik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, klaster qoshida ilmiy-amaliy markaz tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. 

Prezident qishloq xo‘jaligi texnikalarini ham ko‘zdan kechirdi.

 

Prezidentning navbatdagi tashrifi davomida ham viloyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalarning amalga oshirilishi, avvalgi tashrifda bergan topshiriqlarning ijrosi, aholining talab-ehtiyojlari bilan bevosita tanishish ko‘zda tutilgan.  

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid