12 aprel kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yangi rahbari etib tayinlangan Sherzod Kudbiyev Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligining Facebook’dagi sahifasida hokim sifatida amalga oshirgan ishlarini sarhisob qildi. U 2016 yil sentabridan beri Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi sifatida ishlab keldi.
Hokimlik Facebook’da sahifani ochdi va u orqali tumani aholisi bilan muloqot qilindi, tumanda amalga oshirilayotgan barcha muhim voqealar haqida ma'lumot berib borildi. Jumladan, birinchi marotaba mahalliy byudjyet parametrlarini ommaviy muhokama etish uchun e'lon qilindi.
Shuningdek, ochiq muloqotlar o‘tkazish uchun tuman aholisi bilan muntazam ravishda uchrashuvlar tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi va unda tuman aholisi o‘z muammosini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman hokimi bilan muhokama etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, hokimlik faoliyati ochiqligini ta'minlash maqsadida Mirzo Ulug‘bek hokimligi qoshida Jamoatchilik Kengashi tashkil etildi.
Obod uy loyihasini ishga tushirish orqali XUJMSh sohasida ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga harakat qilindi.
“Tadbirkorlar va investorlar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yishga harakat qildik;
o‘nlab kilometr yo‘llar va piyodalar yo‘lakchalarini asfaltladik;
yangilangan «Ekopark» va «Gulshan» bog‘larini ishga tushirdik, yangi obektlar qurdik va hududlar barpo etdik;
nogironlar, yolg‘iz, yordamga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamiga yordam berdik;
Umuman olganda, tuman hokimligi tomonidan har kuni amalga oshirilishi kerak bo‘lgan barcha ishlarni bajardik”, - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu davr mobaynida tumanda 1800 dan ziyod yangi tadbirkorlik sub'yektlari ro‘yxatga olindi.
Tuman byudjyetidan jami 291,3 mlrd. so‘m ajratildi, jumladan:
- ijtimoiy soha tashkilotlariga – 195,1 mlrd. so‘m;
- boshqaruv organlari uchun – 15,4 mlrd. so‘m;
- obodonlashtirish ishlariga – 28,1 mlrd. so‘m;
- sog‘liqni saqlash tizimiga – 47,9 mlrd. so‘m;

















