Jamiyat | 18:14 / 13.04.2018
10831
4 daqiqa o‘qiladi

Termizda sud da'vogar talabini qanoatlantirdi va shahar hokimining qarorini haqiqiy emas deb topdi

Illyustrativ foto/ espresso.org.ua

Prezidentning 2017 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyatini samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida 2017 yilning 1 iyunidan boshlab ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma'muriy nizolar hamda ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati yangi tashkil etilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) ma'muriy sudlariga o‘tkazildi.

Shu munosabat bilan yurtimizda 213 ta ma'muriy sudlar tashkil qilinib, jami 267 ta sudyalik lavozimi shtati ajratildi. Ushbu sudlarning asosiy vazifasi fuqarolarning davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlari va qonunga zid hujjatlariga nisbatan shikoyatlarini ko‘rishdan iborat, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati.

Surxondaryo viloyati Termiz shahar ma'muriy sudida da'vogar Nazokat Aliqulovaning javobgarlar Termiz shahar hokimligi hamda Termiz hududiy uy-joydan foydalanish qismiga nisbatan hokim qarorini haqiqiy emas, deb topish haqidagi shikoyat arizasi ko‘rib chiqildi.

N.Aliqulova da'vo arizasida shahar hokimining 2012 yil 26 martdagi Termiz shahar, Alisher Navoiy ko‘chasi, 35-uyning 15-xonadonni Termiz hududiy uy-joydan foydalanish qismi xizmat turar joylari sifatida foydalanishga biriktirib berish haqidagi 315-sonli qarorini haqiqiy emas, deb topishni so‘ragan.

Sud majlisida nizoli xonadon Termiz shahar hokimining 2005 yil 18 noyabrdagi qaroriga asosan Sh. Narzullayevaga xususiy mulk qilib berilgani, 2006 yil 26 yanvarda notarial tartibda fuqaro N. Aliqulova sotib olgani, 2017 yil oktabr oyida N. Aliqulova ushbu uyni sotish maqsadida shahar yer mulk kadastri davlat korxonasiga kelib xonadon Termiz hududiy uy-joydan foydalanish qismi xizmat turar joylari sifatida foydalanishga biriktirib berilganini bilgani, shahar hokimligi asossiz ravishda N. Aliqulovaning xususiy mulki hisoblangan uyni xizmat turar joyi sifatida berganini, shahar hokimligi dastlab muqaddam chiqargan qarorlarini bekor qilib, uyni o‘zining balansiga o‘tkazgach boshqa tashkilotga berishi mumkinligi aniqlangan. 

Aniqlanishicha, nizoli bo‘lgan xonadon Termiz shahar hokimining 2012 yil 26 martdagi 315-sonli qarorining ilovasida (297-tartib raqam) xizmat uyi deb ro‘yxatga olingan.

Bu o‘rinda xonadonning muqaddam fuqaro Sh. Narzullayevaga xususiylashtirib berilgani va 2006 yil 26 yanvarda notarial tartibda tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasiga va 2006 yil 27 yanvarda berilgan TS № 0745712-sonli guvohnomaga asosan mulk huquqi asosida N. Aliqulovaga tegishli ekanligiga e'tibor qaratilmagan.

Fuqarolik kodeksining 164-moddasida shaxs o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan egalik qilishi, o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan. 

Termiz shahar hokimining 2012 yil 26 martdagi 315-sonli qaroriga bilan ushbu xonadonni hududiy uy-joydan foydalanish qismiga biriktirib berilishi xonadon mulkdori Nazokat Aliqulovaning huquq va manfaatlarini buzgan.

Fuqarolik kodeksining 12-moddasi 1-qismiga ko‘ra davlat organining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan hamda fuqaroning yoki yuridik shaxsning fuqarolik huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjati sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi mumkin. 

Sud qonun talabidan kelib chiqib, da'vogar Nazokat Aliqulovaning da'vo talabini  qanoatlantirdi va Termiz shahar hokimining 2012 yil 26 martdagi 315-sonli qarorini haqiqiy emas, deb topdi.

Sud 172.240 so‘m davlat bojini mansabdor shaxs - Termiz shahar hokimligi va Termiz hududiy uy-joydan foydalanish qismidan solidar tartibda  undirish haqida ham qaror qabul qildi.  

Mavzuga oid