O‘zbekistonlik jurnalist va blogerlar Mail.ru Group kompaniyasiga qarashli Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘ining Moskvadagi ofisiga tashrif buyurishdi.

Maslov Piar kompaniyasi tomonidan tashkillashtirilgan mazkur media-turda Kun.uz axborot agentligi vakillari ham ishtirok etishdi.

Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘i 2006 yilning mart oyida veb-dasturchi Albert Popkov tomonidan ishga tushirilgan. Kompaniyaning dastlabki oylardagi auditoriyasi soni 1,5 millionni tashkil etgan bo‘lsa, 2017 yil iyul oyida foydalanuvchilar soni 4 millionga yetadi.

Hozirda OK.Ru tarmog‘i Mail.ru Group xolding kompaniyasiga tegishli bo‘lib, mazkur kompaniyani Alisher Usmonov boshqaradi.

Sayohatning birinchi kunida tashkilotchilar Moskva shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirishdi. Jurnalistlar Kreml, Qizil maydon, shuningdek, yangi qurib bitkazilgan zamonaviy bog‘ kabi ko‘ngilochar maskanlarni tomosha qilishga muvaffaq bo‘lishdi.

Ma'lumot o‘rnida: OK.Ru ijtimoiy tarmog‘iga O‘zbekistonda bir oyda 1,8 million foydalanuvchi tashrif buyuradi. Kunlik auditoriya esa 644 mingni tashkil etadi. 2018 yil hisobotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Odnoklassnikidan eng ko‘p foydalanuvchi mamlakatlar orasida Belarus hamda Qozog‘istondan so‘ng uchinchi o‘rinda turadi. 

Media-tur mavzusi OK.Ru saytining faoliyatiga bag‘ishlandi. Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasidan tashqari, Belarusdan tashrif buyurgan jurnalistlar ham qatnashishdi.