Keyingi paytlarda Toshkent yo‘llarida tirbandliklar ko‘payib borayotgani hammani tashvishga solmoqda. Dunyoning barcha megashaharlarini bezovta qilayotgan bu muammo bugun shahrimiz aholisi va mehmonlarini ham qiynab, behuda vaqt sarflashlarga, asabbuzarliklarga, yo‘l harakati qoidalari buzilishlariga sabab bo‘lmoqda.
To‘g‘ri, poytaxtimiz yo‘llarining kengayishi, asfalt qatlamining sifat jihatdan yangilanishi, ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlarning qurilishi, kuzatuv kameralarining o‘rnatilishi muammoni hal etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ammo, bu borada hali shunday «sun'iy» to‘siqlar borki, ularni bartaraf etmasdan turib, yo‘llarimiz qanchalik ravon, ko‘chalarimiz keng bo‘lmasin tirbandlik ko‘paysa-ko‘payadiki, kamaymaydi.
Keling, masalaga oddiy yo‘lovchi sifatida yondoshib, tahlil qilib ko‘raylik.
Muqaddam Sergelidan markazga — Mustaqillik maydonigacha yengil avtomashinada kelish uchun 20–25 daqiqa sarflanardi. Keyinchalik bu ko‘rsatkich 30–35 daqiqani tashkil eta boshladi. Hozirga kelib esa 40–45 daqiqagacha oshdi. Vaholanki, bu davrda shu oraliqdagi yo‘llar bir necha bor kengaytirildi, o‘tkazuvchanligi oshirildi.
To‘g‘ri, aholining turmush sharoiti yaxshilanib, shaxsiy avtomobillar soni keskin oshganligini hech kim inkor qila olmaydi. Shunga qaramay bugungi kunda shahrimiz ko‘chalaridagi tirbandliklarning bosh sababi svetoforlarning harakat oqimi bilan muvofiqlashtirilmaganligi, ish rejimining oqilona belgilanmaganligi, ko‘r-ko‘rona joylashtirilganligi bilan bog‘liqdir.
Gapimiz quruq bo‘lmasligi uchun qayd etilgan yo‘nalishdagi avtomobil qatnovini taxlil qilib ko‘rsak: Yangi Sergeli ko‘chasidan kelayotgan avtomashina O‘zgarish dahasiga kelganda 1–1,5 km uzunlikdagi tirbandlikka uchrashi turgan gap. Yo‘lning qarama-qarshi tomonida ham shunday manzarani kuzatish mumkin. Sabab — shu yerda piyodalar o‘tish joyi va yon tomon — mahalladan chiqadigan ikkinchi darajali yo‘l kesishmasida o‘rnatilgan svetofor. Uning yashil chirog‘i har daqiqada yuzlab avtomobillarni o‘tkazuvchi asosiy yo‘lga 40 soniya, ikkinchi taraf — onda-sonda o‘tadigan piyodalar va ichki ko‘chadan chiqib keladigan 3–4 ta avtomashina uchun 20 soniya chaqnab turadi. Yashil chiroq yongach, haydovchi harakatni boshlaguncha 7–8 soniya yo‘qotilishini, sariq chiroq yonishi xavfini tuyib, harakatni sekinlashtirishi hisobiga 3–4 soniya sarflanishini hisobga oladigan bo‘lsak, yashil chiroqning avtomashinalarni o‘tkazish vaqti 30 soniyaga teng bo‘ladi. Yana sariq chiroq, keyin 20 soniya qizil chiroq, xullas bir daqiqaning faqat 30 soniyasida shoh ko‘chada qatnov amalga oshadi.
Agarda asosiy yo‘l uchun yashil chiroqni 40 soniya o‘rniga 90 soniya qilib qo‘yilsa, yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati besh–olti barobarga oshgan bo‘lardi. Ikkinchi darajali yo‘ldan avtomashinalar va piyodalar o‘tishi uchun yashil chiroq uchun 12 soniya kifoya. Qolaversa 10–15 chog‘li avtomobil va 7–8 piyodaning 90 soniya poylab, to‘planib, yo‘ldan o‘tishi hech kim uchun katta fojyea emas. Asosiysi — katta yo‘lda tirbandlik bartaraf etiladi.

















