Xorvatiyalik 47 yoshli murabbiy Niko Kovach «Bavariya»ga murabbiy etib tayinlandi. Bu tanlov Myunxenda qandaydir top murabbiy kutayotgan futbol jamoatchiligi uchun syurpriz bo‘lishi mumkin. Hatto xabarlarda aytilishcha, Kovachning o‘zi «Bavariya» uchun uchinchi tanlov bo‘lgan ekan - klub avvalo Xaynkesni olib qolishni yoki Tomas Tuxelni tayinlashni rejalashtirgan ekan. Ammo yakunda «Bavariya»ning sobiq futbolchisi shu yilning iyul oyidan «Bavariya»ni boshqaradigan bo‘ldi. Nima bu? Ilojsizlikmi?

Har qanday vaziyatda izdan chiqmaydigan va sog‘lom fikrlaydigan nemis klubidan tavakkalchilikni kutish mumkinmasligini bilgan holda, Kovach varianti qanday paydo bo‘lgani haqida fikr yuritish zarar qilmaydi.

Joriy mavsum oldidan, «Bavariya»ga nisbatan biroz sokin umidlar hukm surardi. Ko‘pchilik ushbu mavsumda jamoadan yorqin g‘alabalar kutish qiyin ekanini tan olgandek edi go‘yoki. Shunday paytlar bo‘ldiki, myunxenliklar ajoyib start olgan «Borussiya»dan 5 ochko ortda ham borishdi - nahotki chempionlik seriyasi shu bilan nihoyasiga yetsa? «Bavariya» deyarli har yili shunday holatga tushishi va ko‘pincha, mavsum davomida raqiblarini birin-ketin quvib o‘tishini bilib tursak ham, negadir, bu safar jamoa atrofidagi muhit avvalgilardan boshqachadek tuyulardi.

Anchelottining iste'fosidan so‘ng, bu mavsum boy berilgandek tasavvur uyg‘ongan bo‘lsa-da, keyin, hech kim kutmagan mo‘'jiza yuz berdi. Avvaliga barchasi Tomas Tuxelning klub boshqaruviga kelishidan dalolat qilardi. Ruminiggening yosh murabbiy bilan juda yaxshi aloqada ekani ham bunga isbot edi. Ammo klubga qaytgan Xyoness u qadar tavakkalchi emas, u mavhum yangilikdan, sinalgan eskilikni tanlashi turgan gap. U jamoaning so‘nggi yillardagi eng og‘ir davrida yana Yupp Xaynkesga murojaat qildi. Taklif berilayotgan taraf balki, qariyaning rozi bo‘lishidan u qadar umid qilmagandir, lekin Xaynkes rozi bo‘ldi - mavsum qutqarib qolingandi.  

Yuppning muvaffaqiyatlari ko‘pchilikni adashtirishi mumkin. Anchelotti davrida paydo bo‘lgan muammolar yechilgandek, jamoada hammasi yo‘lga qo‘yilgandek tuyular, ammo aslida unday emasligini klub rahbarlari bilib turibdi. Bundesligada g‘alaba qozonish «Bavariya»da muammolar yo‘qligini isbotlay olmaydi, Chempionlar Ligasida esa, yarim finalga chiqilgan bo‘lsa-da, «Beshiktosh» va «Sevilya» to‘sig‘idan o‘tish aytaylik, «Roma», «Liverpul» va hatto yarim finaldagi raqib «Real»ning avvalgi bosqichlardagi qahramonliklari oldida hech narsa emas.

Muhimi, «Bavariya»da hammasi nazorat ostida va vaqtinchalik muammolar yoki vaqtinchalik muvaffaqiyatlar o‘z yo‘lidan og‘dirishga yetarli bo‘lmaydi. U yerda hammasiga sog‘lom nazar bilan boqadilar, «Bavariya» o‘ziga xoslikni saqlash va belgilangan reja bo‘yicha yurish bo‘yicha Uli Xyoness kabi sodiq odamni boshqa topa olmaysiz. Agar mana shu yo‘nalishda fikrlasak, Niko Kovachning tayinlanishi aslida kutilmagan syurpriz emas, aynan «Bavariya»cha yechim ekanini payqash mumkin.