12 yil bo‘rilar tomonidan tarbiyalangan inson bo‘rilar galasiga qaytishni xohlamoqda, ko‘ngillilar esa uning uyiga issiqlik tizimini o‘tkazish uchun pul yig‘ishmoqda, deya xabar beradi The Daily Mail.

Markos Rodriges Pantoya 7 yoshida Ispaniyadagi Serra-Morena tog‘larida bo‘rilar galasi tomonidan qabul qilingan. U uch yoshida cho‘pon sifatida o‘sha yerga yo‘llangan. 

Rodrigesning onasi farzandini dunyoga keltirayotib hayotdan ko‘z yumgan, otasi esa boshqa bir ayol bilan qochib ketgan.

Mahalliy qariyalardan biri uni olovdan foydalanib, idish yasashga o‘rgatgan, biroq keyin u yo vafot etgan, yoki bolani yolg‘iz qoldirib, ketib qolgan.

U tog‘lardagi meva va o‘simliklarni yeb kunini ko‘rgan, keyin esa uni urg‘ochi bo‘ri qabul qilgan. U o‘z bolalarini go‘sht bilan boqqan, Rodriges go‘sht bo‘lagini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan, lekin ona bo‘ri ovoz chiqarib tahdid qilgan, bola ham ortga chekinmagan.

"Bo‘ri o‘z bolalarining qornini to‘yg‘izib, menga ham go‘sht bo‘lagidan tashladi. Men uning yana tahdid qilishidan cho‘chib, go‘shtga tegmadim, keyin u go‘shtni burni bilan men tomon surib qo‘ydi, - deya so‘zlab bergan Markos 2013 yilda BBC'ga. - Men uni yedim va ona bo‘ri menga tashlansa kerak deb o‘yladim, biroq u tilini chiqarib, meni yalay boshladi. Shundan keyin men bo‘rilar galasi a'zosiga aylandim".

Foto: Pais lobo/ Youtube

Pantoyaning aytishicha, uning qo‘lga o‘rgatilgan iloni ham bo‘lgan, u ilonni echki suti bilan siylagani uchun jonivor doim uning izidan harakatlanar edi.

Markos 19 yoshga to‘lganda uni topishgan. U yarim yalang‘och holatda yugurib yurgan bo‘lgan va odamlar bilan muloqot qila olmagan. 

Hozir 72 yoshli Maugli Ispaniyaning Rante shahrida nafaqaga kun ko‘radi. 

Foto: Pais lobo/ Youtube

Pantoyaning aytishicha, uni g‘or (u o‘z uyi deb hisoblagan joy)dan olib ketishganidan buyon uning hayoti ancha yomon tomonga o‘zgargan, u baribir jamiyatga to‘liq moslasha olmagan.