Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining qarori (16.04.2018 yilda 3001-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan Yagona soliq to‘lovi to‘lovchilarining yer solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.

2018 yil 1 apreldan boshlab Nizom quyidagilarga tatbiq etiladi:

1. YaST to‘lovchilariga, agar umumiy maydoni 1 gektardan ortiq yer uchastkalariga ega bo‘lsa;
2. Notijorat tashkilotlarga, agar ular tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yer uchastkasi 1 gektardan ortiq bo‘lsa;
3. Yagona yer solig‘i to‘lovchilarga, agar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash bilan bog‘liq bo‘lmagan faoliyatni 1 gektardan ortiq yer uchastkasida amalga oshirayotgan bo‘lsa.  

Nizom quyidagi YaST to‘lovchilariga tatbiq etilmaydi:

1. Umumiy maydoni 1 gektar yoki undan kam yer maydonlari mavjud bo‘lganlarga;
2. Soliq kodeksi yoki Prezident qarorlariga muvofiq yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i to‘lashdan ozod etilganlarga. Masalan:

• madaniyat, ta'lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish tashkilotlari – o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda foydalanadigan yer uchastkalari uchun;
• nogironlarning jamoat birlashmalari, «Nuroniy» jamg‘armasi va «O‘zbekiston chernobilchilari» assotsiatsiyasi mulkida bo‘lgan, ishlovchilari umumiy sonining kamida 50%ini nogironlar, 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari tashkil qilgan yuridik shaxslar, bundan savdo, vositachilik, ta'minot-sotish va tayyorlov faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar mustasno;
• ixtiyoriy tugatilayotgan korxonalar (Soliq kodeksining 282-moddasi 1-qismi).

2018 yil 1 yanvardan boshlab yer uchastkasining umumiy maydoni 1 gektardan ortiq bo‘lgan YaST to‘lovchilariga quyidagilar tatbiq etilmaydi:

• YaSTning eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan YaSTni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom (3.03.2011 yilda 2203-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan);
• YaSTning eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan chakana savdo korxonalari tomonidan YaSTni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom (4.04.2013 yilda 2449-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan).