Jamiyat | 03:17 / 20.04.2018
16398
3 daqiqa o‘qiladi

Sudlanuvchilar Yoshlar ittifoqi kafilligida sud zalidan ozod qilindi

2018 yil 19 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida kollej talabalari: sudlanuvchilar R.Ergashev, X.Ikramov, B.Rahmanqulov va J.Otoyorovlarga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud majlisi sudya A.Ergashev raisligida bo‘lib o‘tdi.

Sudlanuvchi J.Otayorov 2017 yil 31 dekabr kuni o‘zining jinoiy sheriklari - R.Ergashev, X.Ikramov va B.Rahmanqulovlar bilan til biriktirib, Shayxontohur tumanidagi xonadonlardan biriga o‘zining yasatib olingan kaliti orqali g‘ayriqonuniy ravishda kirgan. Jinoiy guruh xonadon egasi, amakisi M.N.ga qarashli 76 million so‘m pulni yashirin ravishda egallab, voqea joyidan yashirinishgan. 2018 yil 21 yanvar kuni IIB xodimlari tomonidan tezkor qidiruvlar natijasida aybdorlar ushlangan.

Sud ish bo‘yicha jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligini va jabrlanuvchining sudlanuvchiga nisbatan da'vosi yo‘qligini e'tirof etishi hamda manfaatdor taraflarga sudlanuvchidan yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqini tushuntirishni lozim topdi.

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «v» bandi (o‘g‘irlik) bilan aybli, deb topildi. Sud barcha holatlarni hisobga olgan holda, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi kafilligi ostida ularga nisbatan ehtiyot chorasini bekor qildi va sud majlisi zalida qamoqdan ozod qildi.

Jarima jazosi tayinlangan H.Ikramovdan tashqari boshqa sudlanuvchilarga 2 yil 9 oy 25 kunga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Ular kunning ma'lum vaqtida uydan chiqmaslik, ta'lim muassasasini tugatish, ishga joylashish, mahkumlarni nazorat qiluvchi organning ruxsatisiz yashash va ish joylarini o‘zgartirmaslik, Respublika hududidan chiqmaslik, jinoyatga moyilligi bo‘lgan shaxslar bilan aloqa qilmaslik, alkogol ichimliklar, giyohvand moddalarini iste'mol qilmaslik majburiyatlarini olishdi. O‘z o‘rnida sud zalidan ozod qilingan yoshlar bor kuch va mehnatini oila hamda jamiyatga xizmat qilish uchun sarflashlarini bildirishdi.