O‘zbekiston Respublikasining tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi rasmiy delegatsiyasi Pokiston Islom Respublikasi (PIR)ga tashrifini yakunladi. Delegatsiya Federal qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligi, Moliya va iqtisodiy munosabatlar vazirligi, Pokiston tashqi ishlar vazirligi, shuningdek Kommertsiya va to‘qimachilik sanoati vazirligida qator muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralar yakuniga ko‘ra, turli sohlarda kelishuvlarga erishildi. Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati KUN.UZ'ga shu haqida xabar berdi.

Federal qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligi rahbariyati bilan muzokaralar chog‘ida vazir S.Bosan Toshkentga tashrifi davomida O‘zbekistonning qishloq xo‘jalik texnikasining yuqori sifatiga shaxsan ishonch hosil qilganini ta'kidladi.

"O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar texnikasi Yevropa muqobillaridan hech ham kam emas, boz ustiga ularning bahosi bizni ko‘proq jalb qiladi. Bugunga kelib Pokistonning traktorlarga bo‘lgan ehtiyojining o‘ziyoq yiliga 20 ming donani tashkil qilishini inobatga oladigan bo‘lsak, biz O‘zbekiston texnikasi yetkazib berilishidan va Pokiston hududida yig‘ish mexanizmini tashkillashtirishdan manfaatdormiz", - dedi PIR federal qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri.

Foto: Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati
Foto: Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston delegatsiyasi tashabbusi bilan tomonlar tahlil va bojxona to‘lovlarini qayta ko‘rib chiqish uchun qo‘shma ishchi guruhini tuzishga kelishib olishdi. Bundan tashqari, Pokiston tomon tez orada Panjob viloyati hududida qishloq xo‘jalik mexanizatsiyasini tashkillashtirish uchun bor kuchini safarbar etishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek manfaatdor mamlakatlar bilan hamkorlikda transport yo‘lakchalarini tashkil qilishga tayyorlik bildirildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar sertifikatsiya va standartizatsiya sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasidagi, shu jumladan ikki mamlakat sertifikatlarining o‘zaro tan olinishini ta'minlashga doir kelishuvlarga erishishdi.

Foto: Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati