Bilasizmi, behuda sarflangan 1 daqiqangiz uchun bo‘yingiz barobar oltin to‘lasangiz ham uni qaytarib ololmaysiz.

2016 yil do‘stim Akmal bilan dunyoning yetakchi rivojlangan davlatlari safida bo‘lgan Germaniyaning Xof shahrida xizmat safarida bo‘ldik. Maqsadimiz Ovrupa usulidagi pochta xizmati ko‘rsatadigan DPD (Deuchtche Parcel Delivery ) kompaniyasining tajribalarini o‘rganish edi.

Foto: Fargo

Chexiyaning Karlo Variy shahriga qo‘shni bo‘lgan Xof shahriga yetib kelgan birinchi kunimizdan DPD'ning shu hududdagi bo‘limning ish jarayonini o‘rganishga tushdik. Ushbu tizimning tahsinga sazovor jihati shunda ediki, tizim xodimlari to‘g‘ri taqsimlangan ish rejasi va avtomatlashtirilgan xizmat hisobiga yuk saralash omboriga kelib tushadigan kunlik o‘n minglab paketlarni bir necha soatda tartibga solishga ulgurishdi. Olmon ishchilari ertalab 4:30da qo‘lida ish quroli bilan ishga hozir bo‘lishardi. Yuklarni 7:00ga qolmay ajratib, taxlab bo‘lishlari kerak edi. Nemischa aniqlik deb shunga aytishsa kerak.

Malaka oshirishning o‘ninchi kuni bizni ishning eng boshi hisoblangan taqsimlash jarayonini o‘rganishga taklif qilishdi. Vazifamiz bir furgonga umumiy soni 70-80 atrofida bo‘lgan pochta va posilkalarni yuklab o‘z egalariga yetkazish kerak edi. Yonimizda bu ishda 10 yildan ortiq tajribasi bor bo‘lgan janob Xement ish jarayonini ko‘rsatdi. Jo‘natmalarni endi furgonga yuklashni boshlaganimda janob Xement "Do‘stim sizning O‘zbekistonda 1 daqiqa vaqtingiz necha pul turadi?", deb so‘rab qoldi. Darhaqiqat, 35 yil yashab hali mening 1 daqiqam qiymati qanchaligini hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman. 

Foto: Fargo

"Sizning bu zayldagi yuk taxlashingizda har bir pochta manzilida shu hududda tushirilishi kerak bo‘lgan yukni topib tushirishingiz uchun o‘rtacha 2 daqiqa sarflasangiz, oqshom soatlarigacha umumiy miqdorda 2,5 soatingizni yo‘qotasiz, agar o‘rtacha 1 soatlik ish haqi 15 yevro bo‘ladigan bo‘lsa, bu bilan avval bizning DPD kompaniyamizga bir kunda 37,5 yevro zarar keltirayapsiz. Bundan tashqari, 2,5 soat ortiqcha benzin yoqyapsiz, shu bilan birga, ishlab turgan avtoulovdan musaffo osmonga ortiqcha 2,5 soat gaz chiqaryapsiz. Vaholanki, shu ishingizni boshlamasdan avval yuklash jarayonini to‘g‘ri rejalashtirsangiz, o‘zingizda ham 2.5 soat sog‘lig‘ingiz uchun sport bilan shug‘ullanishga yoki kitob o‘qishga qo‘shimcha vaqt paydo bo‘ladi. Ya'ni foydalilik koeffitsiyentingiz ma'lum ma'noda oshadi", dedi.