Chempionlar ligasida bugun va ertaga yarim finalning birinchi uchrashuvlari o‘tkaziladi. «Tribuna» uchrashuvlar anonsini taqdim etadi.

«Liverpul» - «Roma»: Saloh nomli o‘yin

Bu mavsum misrlik futbol yulduziga atalmoqda. Hozirda Saloh - shunchaki futbolchi emas. Yaqindagina Saloh ishtirokida narkotikka qarshi ijtimoiy reklama ishlandi. Asosiy rolni «Liverpul» hujumchisi ijro etgan. Saloh misrliklar uchun idealga aylanmoqda. Rolik oxirida u shunday deydi: «Sen narkotiklardan kuchlisan». Bir necha kun o‘tib, Misr Ijtimoiy ta'minot vaziri Gada Valiotmetila giyohvandlikdan tuzalishni istab qilinayotgan qo‘ng‘iroqlar soni 400 foizga ko‘tarilganini ma'lum qildi.

Misrda Saloh - fir'avnga aylangan. O‘tgan mavsumda u imperatorga yordam berardi. O‘shanda misrlik futbolchi «Roma»da Franchesko Totti bilan o‘ynardi. U o‘tgan mavsumda Italiya chempionatining 31 o‘yinida 15 gol urdi. O‘tgan mavsumda ham u o‘zini namoyon qilgandi, ammo ko‘pchilik u keyingi mavsumda Angliya chempionatini ag‘dar-to‘ntar qilishini taxmin qila olmasdi. U o‘tgan haftada «Liverpul» safida 31-golini urdi va Angliya chempionatida bir mavsumda ko‘p gol urish bo‘yicha rekordni takrorladi, ko‘p o‘tmasdan mavsumning eng yaxshi futbolchisi uchun atalgan sovrinni qabul qilib oldi.

Taqdirlash marosimi yakunlanishi bilan Yurgen Kloppdan u videotabrik oldi: «Kubokni tashla va Liverpulga qayt. Seshanba kuni o‘yin bor».

«Roma» - yarim finalda yaqqol autsayder, ammo o‘tgan bosqichda ham hamma shunday deb o‘ylagandi. Rimliklar esa yengilmas «Barselona»ni yirik hisobda yengib, turnirdan chiqarib yubordi. Shu tufayli «Liverpul»ni halitdan finalga olib chiqish o‘rinsiz. Rimliklar jamoasi raqiblarga hurmat bilan munosabat bildirmoqda: «Real» va «Bavariya» juda kuchlidir, «Liverpul»dagilar esa xuddi biz kabi haqiqiy jangchilardir», dedi Nayngolan.

Bu klubni yarim finalda kutmaganlar ko‘nishga majbur. «Liverpul»ning bu mavsumdagi hujumkorligiga har qanday klub havas qiladi, «Roma» gladiatorcha xarakter ko‘rsatmoqda. Avvaliga «bo‘rilar» «Shaxtyor»ga qarshi birinchi mag‘lubiyatli o‘yindan chiqib ketishdi, keyin «Barselona»ga qarshi qarama-qarshilikda qahramonlik ko‘rsatildi. Hamma Saloh va Messi to‘qnashuvini kutgandi – ammo buni yana kutishga to‘g‘ri keladi.

Kim nima dedi?
Yurgen Klopp, «Liverpul» bosh murabbiyi: «Ular Salohni yaxshi bilishadi, lekin u endi ularning jamoadoshi emas. Ko‘ramiz, bu qanday bo‘larkin.

Ikki jamoada ham finalga chiqish uchun imkoniyat bor, eng muhimi imkoniyat borligi. Shuni maqsad qilib, unga intilish kerak. «Roma» uchun yarim final – xuddi biz uchun bo‘lgani kabi alohida natija. Bu hammaga ham nasib qilmaydigan lahzalar. Agar bu lahzalardan lazzatlana olmasangiz, sizda nimadir joyida emas». (UYeFA rasmiy sayti)