Dunyoning hech bir davlatida o‘qituvchiga hurmat-ehtirom bizdagidek emas. Chunki hech bir davlatda o‘qituvchilar kuni umumxalq bayrami va dam olish kuni deb e'lon qilingan emas. Lekin bu ehtirommi yoki «ehtirom»?

Yaqin-yaqingacha o‘qituvchilarimiz o‘zlariga atalgan bayram — 1 oktabrda paxta dalasida mehnat qilishar «oq oltin»ni nes-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olishda kamarbasta bo‘lishardi. Ulardan boshqa  hamma dam olar edi bu kunda. Bundan ortiq xo‘rlash bo‘lmasa kerak dunyoda…

O‘qituvchilarning dalalarda hosil yig‘ishtirishda, ko‘cha-ko‘yda obodonchilik ishlarida ishlayotganini ko‘rgan yosh avlod ularni hurmat, bu sharafli kasbga havas  qilarmidi? Maktablardagi ta'lim sifati-chi? Aynan mana shunday holatlar hukmron bo‘lgani uchun ne ne zabardast o‘qituvchilar bu kasbni tashlab ketmadimi?

Nega Hojiboy Tojiboyevning achchiq satirasida traktorchilarga joy bo‘shatish uchun o‘qituvchilar egallagan fermer mehmonxonasi bo‘shatiladi? Chunki fermerning o‘qituvchiga ishi tushmaydi, uning uchun ular shunchaki dalasida xizmat qiluvchi mehnatkashlar-da.

Yaqinda Prezidentimizning Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida yangragan so‘nggi ogohlantirishi bilan ta'lim va tibbiyot xodimlari majburiy mehnatga jalb etilmasligi qat'iy belgilab qo‘yildi. Bosh vazir shu xususda vazirliklar va hokimliklar ishtirokida katta yig‘ilish o‘tkazdi va Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatovga shunday xitob qildi:

«Janob, Inoyatov Ulug‘bek Ilyosovich. Nega shu kungacha aniq bir chora ko‘rilmagan yoki taklif kiritilmagan? Ish beruvchi sifatida ham nima uchun bironta o‘qituvchining manfaatini himoya qilib chiqmagansiz? Ta'lim-tarbiya mazmunini, uning sifatini qachon yaxshilaysiz? Agar o‘qituvchilaringiz shu tarzda majburiy mehnatga jalb etilishi davom etsa, qachon ta'lim sifatini oshirishga erishishimiz mumkin bo‘ladi?»

«To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, rahbar sifatida menda jur'at yetishmagan. Kerak bo‘lsa, vaqtida majburiy mehnatga xayrixoh bo‘lib, buni vatanparvarlik sifatida bilib, tepasida turganman», dedi bunga javoban vazir.

To‘g‘ri, davlat va hukumat rahbarining ushbu chiqishlaridan so‘ng hozir viloyatlarda ishchi guruhlar tuzilib, ta'lim va tibbiyot xodimlari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ko‘ramiz, bu hali qanday samara berar ekan.

Majburiy mehnatdan qutulish yo‘llari

O‘rtaga bitta savolni tashlaylik: nega o‘qituvchini majburiy mehnatga jalb qilish bu qadar oson? Uning nima zaiflik joyi borki, haq to‘lanmaydigan, asosiy vazifasi bo‘lmagan qo‘shimcha mehnatga indamaygina bo‘yin egib, rozi bo‘lib ketaveradi. O‘qituvchining nufuzini bu qadar tubanga tushirgan kim?