«Barselona» klubi Ispaniya chempionatidagi g‘alaba uchun mo‘ljallangan maxsus futbolkalarga bir qancha futbolchilar ismini yozmadi.

Xususan, jamoani qishda tark etgan Jyerar Deulofeu, Arda Turon va Xaver Maskerano uchun undan joy topilmagan.

Deulofeu bu holatdan norozi bo‘lib, tvitter sahifasida: «Ispaniya chempionatidagi g‘alabaning yarmida mening ham hissam bor edi yoki yo‘qmi?» - deb yozgan edi. Ma'lumki, futbolchi «Barselona» tarkibida 14ta o‘yinda maydonga tushib, 2ta gol urgan va 3ta golga hammualliflik qilgandi.

Qizig‘i shundaki, kataloniyaliklar qishda tarkibga qo‘shilgan ikki nafar futbolchi Filippe Koutino va Yyerri Mina ismini futbolkaga yozgan.