12:23 / 04.05.2018
7333

MDH davlatlari migratsiya xizmati rahbarlari kengashi yig‘ilishida nimalar ko‘rib chiqildi?

Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari politsiya general-polkovnigi Aleksandr Gorovoy raisligida MDH davlatlari - migratsiya xizmati rahbarlari Kengashining yigirma birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar bermoqda.

Mazkur tadbirda Ozarboyjon, Belarus, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston Respublikalari, Rossiya Federatsiyasi, MDH davlatlari Ijroiya Qo‘mitasi hamda MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi vakillari qatnashdi. Kuzatuvchilar sifatida Kengashda Turkmaniston Respublikasi, Kasaba uyushmalarining umumiy konfederatsiyasi va Yevraziya iqtisodiy komissiyasi vakillari qatnashdilar. O‘zbekiston Respublikasidan vakil sifatida O‘zbekiston Respublikasi IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ulug‘bek Gaynazarov ishtirok etdi.

Foto:  O‘zbekiston Respublikasi IIV axborot xizmati

Yig‘ilish ishtirokchilarini Qozog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Yerlan Turgumbayev va MDH davlatlari ijtimoiy siyosat va inson huquqlari bo‘yicha Parlamentlararo Assambleyasi Doimiy ish yurituvchi komissiyasi kotibi Yevgeniya Vladimirova qutladilar. 

Kun tartibi bo‘yicha yig‘ilish ishtirokchilari MDH davlatlaridagi migratsiya siyosati haqidagi ma'ruzalarni eshitib, MDH Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan “MDH davlatlarining 2015-2019 yillarga noqonuniy migratsiya qarshi kurashish borasida o‘zaro hamkorlik Dasturi” bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishib chiqishdi. Shuningdek, tadbir davomida MDH davlatlari milliy qonunchiligida migratsiya bo‘yicha bo‘lgan oxirgi o‘zgarishlarni muhokama qilishdi. 

Foto:  O‘zbekiston Respublikasi IIV axborot xizmati

MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi raisi yig‘ilish qatnashchilariga migratsiya borasida tayyorlanayotgan qonunchilik hujjatlari va o‘zgarishlar loyihalari haqida ma'lumot berdi. Bundan tashqari, fuqarolarni xorijiy davlatlarda bandligini ta'minlash va turizm faoliyati agentliklari faoliyatini litsenziyalashtirish masalasi hamda MDH qatnashchilari tomonidan bu masala bo‘yicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar alohida muhokama qilindi. 

Mehnat faoliyati yuzasidan olib borilayotgan masalalari haqida Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari vakillari milliy ma'ruzalari bilan chiqishdi. Shuningdek, yig‘ilishda Yevroosiyo iqtisodiy komissiya vakilining “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining mehnat migratsiyasi borasida davlatlar o‘zaro hamkorligi” haqidagi ma'ruzasi tinglandi. 

Tadbir yakuni bo‘yicha yig‘ilish bayonnomasi va Kengashning MDH davlatlarining migratsiya borasidagi natijali yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik haqidagi Qarori imzolandi. Kengashni navbatdagi yig‘ilishi 2018 yilning ikkinchi yarimida Qirg‘iziston Respublikasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirildi.

Top