O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e'lon qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, charm-poyabzal sohasini boshqarishning shakllangan tizimi ushbu sohada respublikamizning mavjud zaxiralari va salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini ta'minlash imkonini bermayapti.

Yirik va mayda shoxli mollar terisini, shuningdek, mo‘yna xom ashyosi va junni tayyorlashning bozor mexanizmlari hamda ularni saqlashning zamonaviy texnologiyalari sekinlik bilan joriy etilmoqda. Teri xom ashyosini qayta ishlash darajasi past bo‘lib qolmoqda, tarmoq mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishda yarim tayyor charm mahsulotlar ulushi yuqori bo‘lib qilmoqda. Charm-poyabzal tovarlarining bir qator yo‘nalishlari, jumladan, ayollarning model poyabzali va charm kiyimlari, zamonaviy charm buyumlar va aksessuarlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga e'tibor qaratilmayapti.

Soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, ularni ishlab chiqarishning zamonaviy uslublari va innovatsion yondashuvlariga o‘qitish, ishlab chiqarishda yuqori sifatga erishish uchun xorijiy mutaxassislarni, jumladan, texnolog va dizaynerlarni jalb etish ishlari sust tashkil qilingan.

Hujjatga ko‘ra, “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi a'zolarining jun tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, chorva mollarini avtomatlashtirilgan holda so‘yish, jun va qorako‘ldan buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar ishtirokidagi umumiy yig‘ilishi qaroriga muvofiq:

a) “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi uning tarkibiga charm, mo‘yna xom ashyosi va jun tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, chorva mollarini avtomatlashtirilgan holda so‘yish, jun, qorako‘l va sun'iy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, shuningdek, boshqa tashkilotlar ixtiyoriy ravishda kirgan holda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi (keyingi o‘rinlarda Uyushma deb yuritiladi) etib qayta tashkil etildi;

b) Uyushma “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi;

v) quyidagilar Uyushma faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilandi: