O‘zbekiston | 18:23 / 04.05.2018
22149
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev NNT faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan kamchiliklarni belgilab berdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat qayd etilishicha, ushbu sohadagi ishlarning holati amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda, fuqarolarning siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishda, ularning ma'naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qondirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirok etishiga to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligidan dalolat bermoqda. Xususan:

birinchidan, davlatning fuqarolik jamiyati bilan samarali va konstruktiv muloqot mexanizmlari yo‘lga qo‘yilmagan, nodavlat notijorat tashkilotlarining ehtiyojlari tizimli tahlil qilinmayapti, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning muhim masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashish uchun samarali maydonlar yaratilmagan;

ikkinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb qilish darajasining pastligi barcha ijtimoiy guruhlarning turli nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ifodalanadigan manfaatlarini chuqur o‘rganish hamda inobatga olishga imkon bermayapti;

uchinchidan, yetarli qonunchilik bazasi yaratilganligiga qaramay, ijtimoiy sheriklik davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida fuqarolarning keng ko‘lamli ijtimoiy muammolarini hal qilishga, ularning, ayniqsa, yoshlarning tashabbuslari va zamonaviy g‘oyalarini haqiqatda ilgari surishga qaratilgan hamkorlikning samarali mexanizmiga aylana olmadi;

to‘rtinchidan, mamlakatni sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy jihatdan yanada rivojlantirish bo‘yicha innovatsion g‘oyalarni taklif qiluvchi faol, o‘zining tashabbuslariga tayanib faoliyat ko‘rsatadigan nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish choralari lozim darajada amalga oshirilmayapti;

beshinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini, ularning faoliyati tartibini belgilovchi qonunchilik normalarida ortiqcha byurokratik talablar va g‘ovlar nazarda tutilgan bo‘lib, bu normalar eskirgan va zamon talablariga javob bermaydi;

oltinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qo‘llanilayotgan idoralararo hamkorlik usullari samarasizdir, davlat organlari o‘rtasida ma'lumotlar va axborot almashishning yagona mexanizmlari mavjud emas;

yettinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlarining moddiy-texnika ta'minoti hanuzgacha qoniqarsiz holatda qolmoqda, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar o‘rta muddatli va uzoq muddatli keng ko‘lamli hamda umumrespublika miqyosidagi loyihalar va dasturlarni amalga oshirishga imkon bermayapti.

Mavzuga oid