Bugun tadbirkorga yaratilgan keng imkoniyatlarning amaldagi ifodasi o‘laroq shahar va qishloqlarning rivojlanib borayotganini ko‘rish mumkin. Ammo tadbirkorga berilgan imkoniyat – “u istagan ishini qilsin”, degani emas. Tadbirkor bo‘ladimi, amaldor bo‘ladimi yoki oddiy fuqaro – O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga bo‘ysunishga va ishlarini ana shu qonunlar doirasida qilmog‘i shart.

2017 yilning 3 fevral kuni “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni imzolandi. Albatta, bu fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Ammo mazkur farmon fonida, uni o‘zicha talqin etgan ayrim mutasaddi va mansabdor shaxslar, tadbirkorlar undan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishayotgan holatlar ham uchrab turibdi.

Toshkent shahrining Olmazor tumani, Qoraqamish 2/4 massivi oltinchi uy aholisidan KUN.UZ tahririyatiga bir talay murojaatlar kelib tushdi. Yana o‘sha mavzu – “Zamonaviy mahalla guzari” binosining noqonuniy ravishda qurilishi. Ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur massivdagi ushbu bino qurilishi o‘tgan yilning sentabr oyida  boshlangan. Ammo buning uchun mahalliy aholidan rozilik olinmagan, zarur hujjatlar va loyiha taqdim etilmagan. Oqibatda norozi bo‘lgan odamlar Olmazor tuman hokimiyatiga murojaat qilishadi va qurilish vaqtinchalik to‘xtatiladi, biroq bu uzoqqa bormaydi, ishlar avvalgidek davom ettirilaveradi.  

- Necha yillardan buyon bu mahallaning guzari bo‘lmagan, - deydi biz bilan suhbatda MFY raisi. – Bahodir G‘oyibnazarov hokim edilar. Yangi saylangan vaqtim, mahallangizdan  bir joy toping, o‘sha yerni obod qilib, guzar qilamiz dedilar. Keyin biz haqiqatda tashlandiq binoni ta'mirlagan holda ajoyib, shinam mahalla guzari qildik. Oradan vaqt o‘tib, davlatimiz rahbarining har bir mahallada zamonaviy mahalla guzari bo‘lsin degan ko‘rsatmalari chiqqach, bu yerni suratga olib ketishib, menga  tuman rahbarlari : “Oqsoqol, bu yerda ikki qavatli bino tushadi, birinchisida xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ikkinchisida esa tikuvchilik sexi bo‘ladi. Mahalladagi xotin-qizlar ishli bo‘lib qolishadi”, deyishdi. Bundan xursand bo‘ldim, ammo u bino qolib mana bu binoning qurib ketilgani hech aqlga sig‘maydi.