O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Ulug‘ ajdodlarimizning aql-zakovati va badiiy dahosi bilan yaratilgan noyob asarlar, xususan, matematika, mineralogiya, astronomiya, kimyo, tibbiyot, farmatsevtika, me'morlik, tarix, adabiyot, san'at, ilohiyot, falsafa va boshqa sohalarga oid manbalar nafaqat bizning xalqimiz, balki jahon ahlining bebaho boyligi hisoblanadi.

Ana shunday beqiyos merosimiz asosida tashkil etilgan «Yosh kitobxon» tanlovida 250 ming nafarga yaqin yosh ishtirok etib, tanlov g‘oliblariga «Prezident sovg‘asi» – yengil avtomashina topshirilgani yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyati rivojlanishiga muhim ta'sir o‘tkazdi, deyiladi qarorda.

Buyuk adib va mutafakkirlarimizning nodir merosi, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlarimizni o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish maqsadida:

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda jamoatchilik vakillarining mamlakatimiz yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan kitobxonlik tanlovlarini ijobiy baholagan holda, ushbu tanlovlarni o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullangan.

Buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida «Yosh kitobxon» tanlovini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlangan.

Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

Tanlovni yuqori saviyada o‘tkazish uchun:

  • O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi tashkiliy-amaliy ishlar bo‘yicha;
  • O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy-ijodiy ishlar bo‘yicha mas'ul tashkilotlar hisoblanadi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bilan birgalikda o‘n kun muddatda «Yosh kitobxon» tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlaydi.