11:50 / 15.05.2018
9700

Samarqandliklar yo‘llardagi qoidabuzarliklar bo‘yicha axborot berishlari mumkin bo‘ldi

Foto: Kun.uz

So‘nggi vaqtlarda ichki ishlar tizimida olib borilayotgan islohotlarda jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Shu munosabat Samarqand viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining fuqarolar murojaatlarini tez va maqsadli o‘rganib chiquvchi maxsus sayti ishga tushirildi. 

Hozircha test rejimida ishlayotgan veb sahifa o‘zbek tilida yuritilmoqda. Saytning asosiy vazifalaridan biri fuqarolarning avtomobillariga o‘rnatilgan video qayd etish moslamalari yoki gadjyetlar yordamida suratga olingan qoidabuzarliklar aks ettirilgan videoroliklarni joylashtirish va qoidabuzarlar haydovchilarga nisbatan tegishli choralar qo‘llashdan iborat. Bunda foydalanuvchi o‘z video lavhasini veb sahifaning mobil-muxbir murojaatnomasi orqali yuborishi mumkin. Yuborilgan video material boshqarma xodimlari tomonidan o‘rganib chiqiladi va qoidabuzarlik holati tasdiqlansa, qoidabuzar haydovchiga nisbatan tegishli chora ko‘riladi. 

Bugungi kunga qadar haydovchilar tomonidan yuborilgan video lavhalar asosida 58ta holat tasdiqlangan bo‘lib, ulardan 13 ta holat qarama-qarshi harakatlanish, 29tasi svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga bo‘ysunmaslik, 7 marta yo‘l chiziqlarini bosib harakatlanish holatlari kuzatilgan. Qoidabuzar xaydovchilarga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirilmoqda.

Top