O‘zbekiston | 17:50 / 18.05.2018
69259
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev yangi samolyotni ko‘zdan kechirdi. O‘zbekiston yana 3ta «orzu layneri» sotib oladi

Shavkat Mirziyoyev Vashingtondan qaytib, Toshkent xalqaro aeroportida yangi Boing-787 samolyotini ko‘zdan kechirdi. 

Dreamliner, ya'ni «orzu layneri» deb nomlanuvchi ushbu havo kemasi 14 ming kilometrga to‘xtovsiz ucha oladi. 270 yo‘lovchi o‘rniga ega. Samolyot borti kompozit materiallardan tayyorlangani yoqilg‘i tejamkorlikni ta'minlaydi. «Aqlli» texnologiyalar, salondagi komfort yo‘lovchilarga zamonaviy qulaylik yaratadi. 

O‘zbekiston bungacha 2ta shunday samolyot sotib olgan edi. Prezidentning joriy yil fevral oyidagi topshirig‘iga muvofiq, juda qisqa vaqtda yana bitta Dreamliner xarid qilindi. AQShga rasmiy tashrif yakunida ushbu havo kemasi O‘zbekistonga olib kelindi. 

«Shavkat Mirziyoyev ushbu avialaynerni ko‘zdan kechirdi, xizmat ko‘rsatish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Milliy aviakompaniya orqali qatnovchi yo‘lovchilarni ko‘paytirish, odamlarga qulayliklarni oshirish zarurligini ta'kidladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

«O‘zbekiston havo yo‘llari»dan ma'lum qilishlaricha, kuni kecha Vashington shahrida milliy aviakompaniya bilan AQShning «Boing» kompaniyasi o‘rtasida bitim imzolangan. 2019 yilda ikkita, 2020 yilda yana bitta Dreamliner olib kelinadi.

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid