O‘zbekiston | 01:39 / 20.05.2018
129539
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev sobiq amaldorlarning lavozimga qaytarilishini o‘ziga xos sharhlab o‘tdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sobiqlarning amalga qaytib kelishiga qisqacha izoh berdi. Davlat rahbarining ta'kidicha, ular orasida nohaq lavozimdan chetlatilgan kishilar ko‘p edi. Bu haqda Prezident Ulug‘nor tumanida Andijon viloyati faollari ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qilgan, deb yozadi Kun.uz muxbiri.  

"Hamma noto‘g‘ri ketganlarni qaytaraman, nimagaki, odamzodning xato qilishga haqqi bor. Televizorda ko‘ryapsiz, qaytaryapman. Men bilaman nima uchun, ular bir-ikki atrofdagilarga yoqmagan, porasini bermagani uchun haydalgan", deb ta'kidlagan Prezident.

Davlat rahbari tuman sektor boshliqlari va DXX bo‘lim boshliqlariga qarata "uyg‘oning" deya, ularni ogohlantirmoqda. 

"Birontangizning Andijon xalqiga o‘tkazib qo‘ygan joyingiz yo‘q. Mening katta fojiam, ko‘pingizni almashtirishim kerak, faqat tayyor kadr yo‘q. Toshkentda yosh tadbirkorni 3,5 million aholiga bosh qildim. Menga kerak emas, falon joyda ishlagan, falon u, menga vatanparvar kerak. Bilimi bo‘lib, hozirgi iqtisodiyotni tushunsa bo‘ldi. Ulug‘ ayyom kunlarda aytyapman, natijasi juda zo‘r bo‘ladi. Sadoqatli bo‘lsa, leytenantni IIB boshlig‘i qilib qo‘yaman, olib-borib olib-keladi hammani. DXX ichida ham halollari bor, mana G‘ayratni olib kelib qo‘yganman. Unga ishonaman, birga ishlaganman. O‘zim bu tashkilotdan kuyganman. Shuning uchun halol insonlar kerak", deydi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid