14:28 / 22.05.2018
8944

2018-2019 yillarda zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi

Foto: Getty Images

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2018-2019 yillarda zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatda bildirilishicha, “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, “O‘zshaharsozlikLITI” DUK bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini har tomonlama o‘rganish asosida zamonaviy va retro filmlar uchun ikki zalli kinoteatrlarning hamda yozgi kinoteatrlarning namunaviy loyihalarini ishlab chiqish boshlangan.

“O‘zbekkino” MA, “O‘zmilliybank”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda 2018 yil 1 iyungacha bo‘lgan muddatda kinoteatrlar qurilishi bo‘yicha ishlarni amalga oshirish uchun tashabbuskorlarni - tadbirkorlik sub'yektlarini belgilaydi.

Qaror bilan 2018-2019 yillarda zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish dasturi tasdiqlandi. Dasturga muvofiq yurtimizda 2018-2019 yillarda jami 49 ta, xususan 25 ta 1 qavatli, 12 ta 2 qavatli, 12 ta yozgi kinoteatrlar quriladi.

Belgilab qo‘yilishicha, zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 7 avgustdagi PQ-3176-son qarori bilan belgilangan mablag‘lar hisobiga tegishli tashabbuskorlar - tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda, kinoteatrlarni qurish tashabbuskorlar - tadbirkorlik sub'yektlarining o‘z mablag‘lari va “O‘zmilliybank”ning loyiha qiymatining 75 foizidan ortiq bo‘lmagan summada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdorida foiz stavkasi bilan asosiy qarzni qaytarish uchun 1 yildan ortiq bo‘lmagan imtiyozli davrni o‘z ichiga oladigan besh yilgacha muddatga ajratiladigan imtiyozli kreditlari hisobiga amalga oshiriladi.

Belgilanishicha, qurilayotgan kinoteatrlar o‘zaro foydali bitimlar asosida O‘zbekiston Respublikasi hududida ommaviy namoyish qilish maqsadida kinoteatrlarga xorijiy va mahalliy kino mahsulotlarini markazlashtirilgan raqamli onlayn yetkazib berishni ta'minlaydigan yagona respublika kinoprokat elektron tarmog‘iga kiradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:

zamonaviy kinoteatrlar, shu jumladan, ustun darajada madaniyat va istirohat bog‘lari hududida yozgi kinoteatrlar barpo etish (qurish) bo‘yicha ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalari berilishini, shuningdek, ularning hududi tayyorlanishini hamda binolar va inshootlar buzilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlar yuridik va jismoniy shaxslarga qaytarilishini ta'minlaydilar;

tashabbuskorlar - tadbirkorlik sub'yektlari bilan birgalikda tutashib ketgan hudud obodonlashtirilishi va ko‘kalamzorlashtirilishi, elektr ta'minoti, gaz ta'minoti, suv ta'minoti va kanalizatsiya tarmoqlariga ulash choralarini ta'minlaydilar.

“O‘zbekkino” MA 2018 yil 1 iyungacha xorijiy tajribani hamda yetkazib beruvchilar va ishlab chiqaruvchilarning eng yaxshi takliflarini o‘rganish asosida kinoteatrlarni jihozlash uchun zarur bo‘lgan kino namoyish qiladigan asbob- uskunalarning namunaviy parametrlarini belgilaydi va tashabbuskorlarga - tadbirkorlik sub'yektlariga taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi kinoteatrlarning loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini hamda qurilish-montaj ishlari bajarilishi va shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazorati o‘rnatilishini ta'minlaydi.

Namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan kinoteatrlar obektlarining buyurtmachilari - qurilish tashabbuskorlari qurilish davrida maqbul loyiha yechimlari qabul qilinishi yuzasidan qo‘yiladigan talablarga rioya etilishi, loyiha qiymati shakllantirilishi, ularda zarur infratuzilma obektlari (avtotransportni vaqtincha saqlash joylari, hududlarni obodonlashtirish), shuningdek, xavfsizlik talablari (kuzatish kameralari va yongin xavfsizligi tizimi) joylashtirilishi tizimli nazorat qilinishini belgilaydilar.

Mavzuga oid
Top