O‘zbekiston | 12:07 / 22.05.2018
51259
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbektelekom» uxlayotgan gigantga o‘xshaydi. O‘zbekistonda internet sifati nima sababdan yomon?

Foto: O‘zbekiston24

«O‘zbektelekom» bosh direktori Farhod Ro‘ziyev #MITCROADMAP2018 anjumani davomida O‘zbekistonda internet bilan bog‘liq muammolar sabablari haqida ma'lum qildi

«O‘zbektelekom» uxlayotgan gigantga o‘xshaydi. Agarda biz shunday yaxshi bo‘lsak, nega internet hamon yomon holatda?! O‘zbekistonda internetning yomonligiga ta'sir ko‘rsatuvchi qator sabablar bor.

Birinchidan, bu bizning geografik joylashuvimiz. Bizga faqat ikkita xalqaro internet xab yaqin masofada – Moskva va Gongkong. Ular bilan ham oradagi masofa juda katta. Bu holat ham internetning narxiga ta'sir ko‘rsatishi tabiiy.

Ikkinchidan, trafik mahalliylashtirilishi uchun nuqtalarning yo‘qligi. Foydalanuvchining internetdagi murojaati bir yo‘nalish bo‘yicha jahonning boshqa joylariga chiqib ketib, so‘ng yana qaytib keladi. Bu qimmat, samarasiz va uzoqdir. 

Keyingi sabab – shahar va tumanlardagi infratuzilmaning kuchli eskirgani. Infratuzilma SSSR davridan meros qolgan. Ko‘p yillardan beri kompaniyalarda infratuzilmani yangilash yoki tez o‘zgartirish uchun imkoniyatlar yo‘q. 

Yana biri – bizning bozor va abonentlar bilan ishlay olmasligimiz. Abonentga kerakli e'tibor qaratmaslik ko‘p paytlarda ma'muriy masalalarga e'tiborni haddan tashqari qaratib yuborish bilan bog‘liq bo‘lgan. 

Lekin hammasi o‘zgarmoqda. Agar avval bu muammolar haqida gapira olmagan bo‘lsak, bugun esa prezidentning siyosati tufayli bu haqda bemalol gapirilmoqda. 

Bugun biz 2020 yilgacha keng ko‘lamli islohotlar haqida ma'lum qilamiz. Buning doirasida kompaniyada tuzilmaviy islohotlar yuz beradi. 2020 yilgacha vazifalarimiz: O‘zbekistonda birinchi raqamli telekom operatorga aylanish; mamlakatdagi eng yaxshi ish beruvchilar top-10ligiga kirish; mamlakatdagi eng ilg‘or davlat kompaniyasiga aylanish.

Biz 2018 yil uchun “Yo‘l xaritasi”dan boshlaymiz. Milliy operator oldida endi respublika miqyosidagi bir qancha yirik vazifalar turibdi, o‘zgarishlardan change.uztelecom.uz sayti orqali maxsus hisoblagichdan bilib borish mumkin bo‘ladi», - dedi Ro‘ziyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farhod Ro‘ziyev abonentlar bir necha yildan beri taqdim etiluvchi xizmatlar sifatidan norozi ekanini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid