16 may kuni Argentina va dunyo futboli afsonasi Diyego Maradona Belarusning Brest shahri vakili «Dinamo» klubi bilan shartnoma imzoladi.

Tantanali marosim Dubay shahrida o‘tkazildi. «Dinamo» klubi matbuot kotibi Olga Xijinkova gaplariga ko‘ra, Diyego katta ishtiyoq bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirgan.
«Diyego bilan shartnoma imzolash qiyin bo‘lmadi. Uning o‘zi klubimizda ishlash, bolalar akademiyasi bilan shug‘ullanish, bolalar futbolini rivojlantirishga tayyorligini va bu borada ishtiyoqi juda kuchli ekanini bildirdi» - dedi Xijinkova.
Klub matbuot xizmati vakili so‘zlariga ko‘ra, Maradonaning Belarusga kelishi - bu nafaqat «Dinamo» uchun, balki butun milliy futbol uchun muhim voqeadir.
Bu yangilikda qanaqadir bir-biriga zid narsalar bordek tuyuladi: tarixdagi eng yaxshi futbolchilaridan biri qayerdayu, MDH hududidan tashqarida umuman nomi chiqmagan Belarus futbolining o‘rtamiyona klubi qayerda?

Ammo, Diyegoning futbolchilikdan keyingi hayotiga nazar solib, buning sabablarini tushungandek bo‘lamiz.
Maradonaning g‘alati va noodatiy qiliqlari borligi hech kimga sir emas. U o‘z obro‘si haqida unchalik qayg‘urib o‘tirmaydi. Futbolchilik paytidagi ishqiy mojarolar, doping va giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni eslash kifoya. Afsuski, Maradona futbolchilik iqtidorini kapitalizatsiya qilolmadi, o‘tmishdagi yutuqlarini allaqachon yo‘qotib bo‘ldi va hayotda o‘zini goh o‘tga, goh cho‘g‘ga urib yashamoqda.
Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Maradona o‘zini murabbiylikka urdi. Dastlabki va hozircha yagona jiddiy ishi Argentina terma jamoasi bo‘ldi. U bilan JCh-2010 musobaqasi chorakfinaligacha yetib borib, Germaniyaga yutqazdi.

Shundan so‘ng, arab futboliga sho‘ng‘ib, «Al-Vasl» va «Al-Fujayra» klublarida samarasiz ishladi. Endi esa navbat Belarus klubiga keldi.



















