London shimolida inqilobiy harakatlar boshlandi. «Arsenal» uzoq kutishlardan keyin yangi bosh murabbiyga ega bo‘ldi.

Foto: «Arsenal» matbuot xizmati

Turli yillarda «Lorka Deportivo», «Valensiya», «Spartak», «Sevilya» va «PSJ»da ishlagan ispaniyalik 46 yoshli mutaxassis Unai Emeri endi londonliklar jamoasi bilan kamida 2 yil hamkorlik qiladi. «Arsenal» u bilan «2+1» sxemasida shartnoma tuzgan.

Arteta variantidan nega voz kechildi?

O‘zgarishlar qishdayoq boshlangandi - klubda dunyoning eng zo‘r skautlaridan biri Sven Mislintat paydo bo‘ldi. Ushbu germaniyalik mutaxassis bilan birga klubga «Barselona»ning sobiq sport direktori Raul Sanllexi ham kelgandi. Bularning barchasi ijrochi direktor Ivan Gazidis va bosh murabbiy Arsen Vengerning vakolatlarini qisqartirishga qaratilgandi. 

22 yil davomida jamoani boshqarib kelgan Arsen Venger o‘yinlardan tashqari, barcha xarajatlarga, futbolchilar sotib olish va sotishga mas'ul edi. Bu yo‘l «Arsenal» yangi stadion qurilishidan keyin paydo bo‘lgan qarzlardan qutilishni ta'minladi, ammo jamoa sport nuqtai nazaridan ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmadi. Qishdagi o‘zgarishlardan keyin Mislintat va muzokara olib borish bilan shug‘ullanuvchi Dik Lou - transferlar uchun mas'ul bo‘ldi, Gazidis - qog‘ozbozlik ishlariga, Sanllexi esa sport istiqbollariga.

Venger shu yil aprelida o‘z davri o‘tganini anglab yetib, ketishini e'lon qilishi bilan uning o‘rnini kim egallashi bo‘yicha taxminlar bildirila boshladi. Uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lganlar qatorida Luis Enrike, Tomas Tuxel, Karlo Anchelotti, Yulian Nagelsman, Leonardu Jardim, Patrik Viyera, Mikel Arteta, Massimiliano Allegri nomlari sanaldi. Hech kim bo‘lajak murabbiy kim bo‘lishini topa olmadi. Avvaliga Enrike juda ko‘p maosh talab qilgani tufayli ro‘yxatdan tushib qoldi, keyinroq Tuxel va Anchelottida boshqa rejalar bo‘lgani ma'lum bo‘ldi - ular mos ravishda «PSJ» va «Napoli» jamoalarida bosh murabbiyga aylandi, avvalroq «Bavariya»ga ham o‘tmagan Nagelsman «Hoffenhaym»dan ketishni istamadi, Jardim ham «Monako»ga sodiq qoldi, sobiq jamoasini boshqarishni juda istagan Patrik Viyera o‘ziga jiddiy taklif berilmaganidan nolidi, u tez orada vataniga qaytib, «Nitstsa»ga yangi bosh murabbiy bo‘lishi mumkin. Jamoani Allegri yoki Artetta boshqarishi kutilayotgandi. Bir necha yildan buyon «Yuventus» bilan ichki chempionatda gegemonlik qilib kelayotgan Allegri Londonda yangi era boshlashi, xuddi Venger kabi «Arsenal»ni uzoq yillar boshqarishi haqida gapira boshlashdi. Ammo «kanonirlar» rahbariyati unga jilovni berib qo‘yishni istashmadi - italiyalik mutaxassis transferlar uchun kamida 200 million funt so‘radi, u barcha transferlar uchun nazoratni qo‘liga olmoqchi edi. Tomonlar kelisha olishmadi, bu orada «Yuventus» navbatdagi chempionlikni nishonladi va Allegri turinliklar bilan Chempionlar ligasida g‘olib chiqish orzusi yo‘lida harakatni davom ettiradigan bo‘ldi.