“Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom” loyihasi normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, chet el valyutasini sotib olish va sotish kurslari tijorat banklari tomonidan chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklifni hisobga olgan holda mustaqil ravishda belgilanadi.

Operatsion kun davomida tijorat banki tomonidan chet el valyutasini sotib olish va sotish kursi o‘zgartirilishi mumkin.

Bank tomonidan valyuta ayirboshlash xizmatlari ko‘rsatish tijorat banki rahbarining buyrug‘iga asosan bankning tegishli tarkibiy bo‘linmasiga yuklatiladi.

Tarkibiy bo‘linma tomonidan chet el valyutasini rezident jismoniy shaxslarga, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarga sotish xalqaro to‘lov kartalaridan foydalangan holda naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi.

Tarkibiy bo‘linmada to‘lov terminallari, hisoblash texnikasi, tegishli dasturiy ta'minotga ega “Banklararo yagona elektron tizim”ga ulangan kompyuter texnikasi, telefon aloqasi, yonmaydigan temir seyf, yong‘in xavfsizligi signalizatsiyasi va videokuzatuv kameralari bo‘lishi lozim.

Bank rahbarining tegishli buyrug‘isiz tarkibiy bo‘linma xodimlari tomonidan o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni boshqa shaxslarga topshirish taqiqlanadi.

Xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha qabul qilingan milliy valyutani chet el valyutasiga yoki xalqaro to‘lov kartalari orqali to‘lovlar amalga oshirilganda chet el valyutasini milliy valyutaga avtomatik tarzda ayirboshlash operatsiyalari bankning tegishli bo‘linmasi tomonidan amalga oshiriladi.

Rezident jismoniy shaxs chet el valyutasini sotib olish uchun tijorat bankining tarkibiy bo‘linma mutaxassisiga tijorat banki belgilagan shakldagi ariza hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjatini, yakka tartibdagi tadbirkor esa qo‘shimcha ravishda guvohnoma taqdim etadi va tarkibiy bo‘linma mutaxassisi hujjatlardan nusxa oladi.

Tarkibiy bo‘linma tomonidan rezident jismoniy shaxsga chet el valyutasi bankning chakana amaliyotlar kassasiga topshirilgan naqd milliy valyuta yoki bank kartasidagi yoxud depozit hisobvarag‘idagi milliy valyuta miqdori doirasida sotish operatsiyasi amalga oshiriladi.

Chet el valyutasi uchun to‘lov rezident jismoniy shaxs tomonidan milliy valyutada tijorat bankining operatsiya bajariladigan kundagi sotish kursida amalga oshiriladi va tegishli tasdiqlovchi hujjatning (chek va boshqa) asl nusxasi mijozga beriladi, nusxasi esa kunlik hujjatlarga tikib qo‘yiladi.