JANUBIY KOReYa
Mustaqilligi: 15 avgust 1945
Boshqaruv shakli: Prezident respublikasi
Poytaxti: Seul
Aholisi: 51.7 million (28-o‘rinda)
Pul birligi: Vona

JANUBIY KOReYa TeRMA JAMOASI
Libosi: Qizil-ko‘k
Laqabi: Osiyo yo‘lbarslari, Jangchilar
Konfederatsiya: OFK
Federatsiya: Koreya Futbol Assotsiatsiyasi
Osiyo chempioni – 1956, 1960
Jahon chempionati: 4-o‘rin (2002) 
Terma jamoa tarkibida eng ko‘p o‘yin -  Xon Myon Bo (135)
Eng ko‘p gol kiritgan futbolchi – Chan Bom Gin (55)
Ilk o‘yin: 1948 yil, 2 avgust. Meksika – 5:3
Eng yirik g‘alaba: 2003 yil 29 sentabr. Nepal – 16:0
Eng yirik mag‘lubiyat: 1948 yil. 5 avgust. Shvetsiya – 0:12

Janubiy Koreya terma jamoasini bemalol Osiyoning eng mashhur termasi deb atashimiz mumkin. Chunki, koreyslar jahon chempionatlarida eng ko‘p marta qit'a sharafini himoya qilishgan, shuningdek, Osiyo jamoalariga tegishli eng yaxshi ko‘rsatkich – yarim finalda o‘ynash ham ushbu o‘lka vakillariga nasib etgan. Ammo afsuski qit'amiz o‘lchovlarida «eng» so‘zini qanchalik ko‘p ishlatmaylik, jahon futboli boshqalarning ortidan ergashadi va janublik koreyslar ham futbol olamida nari borsa o‘rtamiyona, bunga ham so‘nggi yillardagi keskin rivojlanish natijasida erishildi, deb aytishimiz mumkin.

Janubiy Koreyaning ilk mundiali 1954 yilga, Shveytsariyada o‘tgan jahon chempionatiga to‘g‘ri kelgan. Debyut o‘ta sharmandali yakun topgan. Pushkashi-yu Kochishlari bor Vengriya terma jamoasiga qarshi kechgan birinchi turda hisob 9:0 hisobida yevropaliklar foydasiga hal bo‘ldi.

Foto: football-online.ru

Uch kun o‘tib sharmandalik biroz bo‘lsa-da, izohini topgandek edi, chunki keyingi turda vengerlar maydon egalari GFR darvozasiga ham sakkizta to‘p yo‘llashning uddasidan chiqa olishgandi. Ammo bu hech narsani anglatmas ekan, narigi stadionda endi o‘sha paytlarda autsayder sanalgan turklar qit'adoshlarimiz darvozasiga javobsiz yettita to‘p yo‘llayotgan edi.