O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorda bugungi kunda yurtimizda 1500 dan ziyod ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatayotgani va ularning barchasiga yuqori malakali kadrlar zarurligi qayd etib o‘tilgan. Biroq, mamlakatimizda bunday keng ko‘lamli vazifani hal etadigan tayanch oliy ta'lim muassasasi mavjud emas.
Hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida jurnalistikaning o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlar samaradorligini ta'minlash hamda ushbu soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish maqsadida:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tizimida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (keyingi o‘rinlarda Universitet deb yuritiladi) tashkil etilmoqda.
Universitet ommaviy axborot vositalari sohasi uchun jurnalist kadrlar, shu jumladan, yuqori malakali, bir necha xorijiy tillarni mukammal biladigan xalqaro jurnalistlar hamda ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, respublikada mediata'lim tizimini yaratish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, mazkur yo‘nalishlarda ilmiy va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha tayanch oliy ta'lim muassasasi hisoblanishi belgilanmoqda.
Universitetning asosiy vazifalari quyidagilar bo‘ladi:
- jurnalistika sohasini, uning o‘ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslari, zamonaviy mediatexnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan, yuqori malakali jurnalist kadrlarni milliy va xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta'minlash;
- mamlakatimizning ommaviy kommunikatsiya va jurnalistika sohasida erishgan yutuqlari, xorijiy mamlakatlar ta'lim muassasalarining tajribasi va hududlarda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalarining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, tegishli yo‘nalishlar hamda mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish, shuningdek, o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini va masofadan o‘qitish usullarini joriy etish;
- jurnalistika sohasi ta'limini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilg‘or xorijiy texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish;














