Joriy yilning 19-20 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida bo‘ldi. Davlat rahbari tashrif davomida viloyatda olib borilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy sohadagi ishlar bilan yaqindan tanishdi. Prezident viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov faoliyatiga yuqori baho berdi va uni doim qo‘llab-quvvatlashi haqida ma'lum qildi.

Kuni kecha viloyat hokimi Andijon xalqiga murojaat bilan chiqib, bundan keyingi rejalar, maqsadlar, olib boriladigan ishlar haqida bayonot berdi. Hokim o‘z chiqishida turli sohalardagi qing‘irliklar va aholining bugungi kun kayfiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

1-qism

2-qism

Boqimandalik – endi u gaplar ketmaydi

“E'tibor berdingizmi, davlatimiz rahbari AQShdan qaytib kelgach, to‘g‘ri Andijon viloyatiga tashrif buyurdilar. Bu holatni menga: “Hozir bir soat ham g‘animat, hozir bemalol, befarq bo‘lib o‘tirsak, hayotdan ortda qolib ketamiz”, deb izohladilar. U kishi Andijonda “har bir oila- tadbirkor” shiori ostida yangicha islohotlar o‘tkazish uchun menga alohida topshiriqlar berdilar.

Ochiq muloqotda chiqayotganimning sababi ham shu, bu gaplarni har kim har xil talqin qilmasin. Boqimandachilik, ishlamasdan “ber-ber” deyish, harakat qilmasdan nimadir talab qilish – bunday siyosat bo‘lmaydi. Hamma harakat qilishi kerak. Televideniye orqali kuzatgan bo‘lsangiz kerak, ikki oyog‘i yo‘q qizning turmush tarzini. U shu holatida tikuvchilik qiladi, ro‘zg‘or ishlarini yuritadi. Bu qiz ham o‘ziga, ham jamiyatga foyda keltirmoqda. U aytadi: “Menga unisi-bunisi yordam qilaman deydi, kerak bo‘lsa men ularga yordam beraman”. Har qanday oilani ma'lum bir yo‘nalishga jalb etish, uni yetaklash, o‘rgatish, tushuntirish bizning vazifamiz. U yog‘ini tortib ketishi uning vazifasi. Agar shunda ham boqimandalik qilsa, bunday oilaning hech kimga keragi yo‘q”.

Har bir xonadonga kirib chiqiladi, har bir oila tadbirkor bo‘ladi

“Har bir oila tadbirkor bo‘ladi, u o‘qituvchimi, shifokormi, umuman, barcha xonadonlarga kirib buni tushuntiramiz. Bu – tepadan turib olib gapirish emas. Har bir xonadonga kirib, uning ichki imkoniyatlarini hisobga olgan holda tadbirkorlikka yo‘naltiramiz. Prezidentimiz Andijon viloyatiga juda katta mablag‘ ajratib berdi. Davlat katta-katta zavod, fabrikalar qurmaydi. Chunki biz hozir xususiylashtirish yo‘li orqali ketyapmiz. Hozir biz zavod, fabrika qurayotgan tadbirkorning qo‘liga qarab qolsak, Andijondek aholisi ko‘p viloyatni ish bilan ta'minlashga qiynalib qolamiz.