Jamiyat | 14:59 / 28.05.2018
20118
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryolik olim kashf etgan yangi metall qotishma Koreyada e'tirof etildi

Foto: KUN.UZ

Janubiy Koreyaning Sejong universiteti doktoranti, qashqadaryolik yosh olim Elyorjon Jumayev “The Korean Institute of Metals and Materials” ta'lim muassasasi tomonidan olimlar o‘rtasida tashkil etilgan konferensiyada o‘z kashfiyoti bilan g‘olib, deb topildi.

Kashfiyotning mohiyati shundaki, u yuqori legirlangan yangi metall qotishmani kashf etgan. Yuqori legirlangan qotishmalar esa, asosan, baland haroratda ishlaydigan, korroziyabardosh va mexanik xarakterini yo‘qotmaydigan qotishmalar bo‘lib, ushbu metall qotishma ichki yonuv dvigatellari va yuqori yuklamalarda ishlaydigan sohalarda qo‘llaniladi.

- Mazkur qotishma ikki fazali mikrostrukturaga ega bo‘lib, yuqori mexanik xarakteristikaga ega va baland haroratda o‘z holatini yo‘qotmaydi, - deydi yosh olim. – Boshqa legirlangan qotishmalarga nisbatan zichligi past va yengilroq. 2016 yil ushbu metall qotishmani patentlashtirganmiz va hozirgi kunda ichki yonuv dvigateliga qo‘llash borasida ishlar ketmoqda. 

Ma'lumot uchun, Elyorjon Jumayev Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagandan so‘ng, Sejong universitetiga, nanotexnologiyalar va ilg‘or materiallar texnologiyasi yo‘nalishiga o‘qishga kirgan. Magistr darajasiga ega bo‘lgan. 2016 yilning sentabr oyidan boshlab doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlamoqda, shu bilan birga, nanostrukturali metall materiallar laboratoriyasida ilmiy izlanuvchi doktorant sifatida faoliyat yuritayotir. Hozirgi kungacha 10dan ortiq davlatda o‘tkazilgan ilmiy konferensiyalarda muvaffaqiyatli qatnashib, ko‘plab professorlar nazariga tushgan olimning 2ta ilmiy patenti mavjud.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid