“O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy-texnik institutida harbiy-professional tanlashni o‘tkazish bo‘yicha nizom” loyihasi normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, institutga nomzodlarni o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan tasdiqlangan Butlash rejasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining Institutga qabul o‘rinlarini ajratish to‘g‘risidagi buyrug‘iga asosan amalga oshiriladi.

Institut kursantlari kontingentini sifatli butlash uchun harbiy-professional tanlash va test sinovlarini nazarda tutuvchi kompleks bosqichma-bosqich tanlash amalga oshiriladi.

Institutga o‘qishga qabul qilishni sifatli tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining buyrug‘i bilan Institut qabul komissiyasi tuziladi va uning tarkibi tasdiqlanadi.

Qabul komissiyasiga Institut boshlig‘i rahbarlik qiladi. Qabul komissiyasi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining tegishli sohaviy xizmat xodimlari kiritiladi.

Qabul komissiyalari qabul yilining 1 fevral kunidan 31 avgust kuniga qadar faoliyat yuritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Kadrlar boshqarmasi tomonidan har yili 1 iyunga Institutning qabul komissiyalari bilan kelishilgan holda harbiy professional-tanlash tadbirlarini o‘tkazish muddatlari belgilangan reja-jadval ishlab chiqilib, tegishli organ va muassasalar bilan kelishilgan holda butlovchi idoralarga yuboriladi.

Harbiy-professional tanlash tadbirlari 25 iyunga qadar Institutda o‘tkaziladi.

Harbiy-professional tanlash davomida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o‘tkaziladi:

hujjatlarni o‘rganish;

psixofiziologik o‘rganish;

tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;

yozma ish (diktant);

kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish;
yakka tartibdagi yakuniy suhbat.