​Buxoro viloyatiga samolyot illyuminatoridan qarasangiz, ko‘plab kilometrga yoyilgan jonsiz cho‘l-u dashtliklarga guvoh bo‘lasiz. Biroq, bu faqat birinchi qarashdagi manzaradir. Aslida esa, qumliklar orasida hayot gurkirayapti. Bu yerlarda tabiat resurslarini rivojlantirish, ulardan oqilona foydalanish orqali tabiatni asrash va qayta tiklash, mahalliy aholining turmush darajasini oshirishga erishish borasidagi salohiyat va imkoniyatlar nihoyatda kattadir.

16-17 may kunlari BMT O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer hamda BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatdagi vakolatxonasining Barqaror rivojlanish klasteri xodimlari loyihaning hududlardagi hamkorlari bilan birgalikda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumaniga safar uyushtirib, joylarda BMTTD/GEJ va O‘zbekiston Respublikasi Davergeodezkadastrning «O‘zbekistonning tog‘li, yarim cho‘l va cho‘l landshaftlaridagi sug‘orilmaydigan qurg‘oqchil yerlarni raqobatli ekspluatatsiya qilinishi natijasida tabiiy resurslardan foydalanish bosimini kamaytirish» loyihasi faoliyati natijalari bilan tanishishdi.

Qishloqdagi eng serdaromad oilaviy tadbirkorlik turlaridan biri issiqxona xo‘jaligini yuritishdir

Qorako‘l tumani Chekirchi qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Zamiraning uch nafar farzandi – ikkita o‘g‘li va bitta qizi bor. Turmush o‘rtog‘ining bevaqt vafotidan so‘ng uning oilasi mushkul moliyaviy ahvolda qolib ketdi. Zamira mahalliy bozorda mayda-chuyda sotish bilan shug‘ullana boshladi.

Foto:  BMT O‘zbekiston

Zamiraning qishloqdoshlari o‘z tomorqalarida asosan yem-xashak ekinlari, sabzavotlarni yetishtirishadi, tokzor va bog‘larini parvarishlashadi. Biroq, yerning sho‘rlanganligi va suv tanqisligi bois ular oladigan daromad katta emas.

BMTTD mutaxassislari Qorako‘l tumani aholisi o‘z tomorqa yerlaridan foydalanishini atroflicha tahlil qilib, keyinchalikda tomorqa yerlardan yanada unumliroq, samaraliroq foydalanishni ta'minlash maqsadida ba'zi xo‘jaliklardagi chorvalarning sonini kamaytirib, chorvachilikdan muqobil oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga o‘tish va shu orqali oila daromadini oshirishga chaqirish asnosida taklif va tavsiyalarini ishlab chiqdi.

Zamiraga tegishli bo‘lgan tomorqa yerning bir sotix maydonida BMTTD yordamida issiqxona barpo etilib, mazkur issiqxonadan savzavot, turli ko‘katlar, sitrus mevalarini yetishtirish orqali barqaror daromad olish yo‘llarini namoyish etish uchun foydalaniladi. Issiqxonada pomidor va ko‘kat ekilgan ekan. Issiqxonani isitish, urug‘ va ko‘chatlar, o‘simlik kasalliklariga qarshi kurash va boshqa vositalarni xarid qilishga Zamiraning oilasi 700 ming so‘m sarflagan. Birinchi ko‘kat va turli vaqtda yetiladigan pomidor hosilini sotish evaziga 300 ming so‘m daromad olingan. Ko‘kat va pomidor hosildorligi yomon emas, ekinlar o‘z vaqtida sug‘orilib parvarishlanadi. Zamira va uning oilasi kelasi yilda pomidor va bodringning yanada hosildorroq navlarini ekishni rejalashtirgan. Shuni aytish joizki, ushbu issiqxona tufayli Zamiraning katta o‘g‘li ish bilan ta'minlangan.