Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Hujjatda barcha turdagi davlat xaridlari batafsil tartibga solingan, deb yozmoqda Norma.
Eslatib o‘tamiz, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonun 10.04.2018 yildan kuchga kirgan. Davlat xaridlari yagona axborot portali ham ishlay boshladi.
Tovarlar, ishlar va xizmatlarni portalning «Elektron do‘kon» bo‘limiga qo‘yish uchun jismoniy va yuridik shaxslar Davlat xizmatlari markazida elektron raqamli imzo (bundan keyin – ERI) olishlari talab etiladi. Agar ERI bo‘lsa, uni yangidan olish kerak bo‘lmaydi.
So‘ng portalda ro‘yxatdan o‘tish zarur. Ro‘yxatdan o‘tkazish 1 marta amalga oshiriladi, so‘ngra shaxsiy kabinetdan boshqa turdagi xarid qilish tartib-taomillari uchun ham foydalanish mumkin bo‘ladi. Davlat buyurtmachilari uchun ham ro‘yxatdan o‘tkazishning xuddi shunday tartibi nazarda tutilgan.
Ro‘yxatdan o‘tgandan keyin portal ishtirokchilari (sotuvchilar) va davlat buyurtmachilari (xaridorlar) hisob-kitob-kliring palatasidagi shaxsiy hisobvaraqlariga avans to‘lovlarini kiritadilar. Ular kamida portal operatorining vositachilik haqi summasi (bitim summasining 0,15%i) va zakalat summasini (boshlang‘ich narxning 3%i) o‘z ichiga olishi kerak. Tomonlar faqat avans to‘lovlarini kiritganlaridan so‘ng xarid qilish tartib-taomillariga qo‘yiladilar.
Elektron do‘konda 3 turdagi taklifni – tovarlar, ishlar va xizmatlar bo‘yicha kiritish mumkin. Taklifni qo‘yayotganda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 44-moddasi uchinchi qismida keltirilgan ma'lumotlar va tavsiflarni ko‘rsatish zarur. Ko‘rsatilgan axborotning ishonchliligi bo‘yicha to‘liq javobgarlik ishtirokchi (sotuvchi) zimmasiga yuklatiladi.
Shu paytdan boshlab sotuvchi o‘z ofertasi – shartnoma tuzish taklifini shakllantirgan hisoblanadi. U 15 kun mobaynida amal qiladi. Oferta xaridor tomonidan aktseptlangunga (qabul qilingunga) qadar ushbu muddat tugashidan oldin chaqirib olinishi (taklif qaytarib olinishi) mumkin. Agar u aktseptlangan bo‘lsa, chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi. 15 kunlik muddat tugaganidan so‘ng ishtirokchi hech kim qabul qilmagan oferta muddatini uzaytirishga haqli.
O‘z tovar, ish va xizmatlarini elektron do‘kon orqali davlatga qanday sotish mumkin?
17:37 / 30.05.201811 3116 min

















