Jahon | 11:53 / 31.05.2018
10220
2 daqiqa o‘qiladi

«AQSh Suriyadan chiqib ketishi kerak». Asad bayonot berdi

Foto: Jung Yeon-je/ Reuters

Suriya prezidenti Bashar Asad RT’ga bergan intervyusida Amerika Qo‘shma Shtatlari Suriya hududidan chiqib ketishi kerakligini aytdi.

«Bu bizning yerimiz va uni ozod qilish - bizning huquqimiz va burchimiz. Amerikaliklar esa tark etishi kerak, ertami-kechmi bu sodir bo‘ladi», - dedi u. 

Asad AQSh Iroqqa «biron-bir qonuniy asosga ega bo‘lmagan holda» bostirib kirganini ta'kidladi.

«Va bu ishdan nimalar kelib chiqqanini bir ko‘ring. Ular xulosalar chiqarishi kerak. Iroq - bu istisno emas, Suriya ham. Mintaqamiz xalqlari endi tashqi aralashuvlarga toqat qila olmaydi», - dedi Asad. 

Uning ko‘rsatishicha, AQSh boshchiligidagi G‘arb Suriyadagi vaziyatni hal bo‘lishiga to‘sqinlik qilmoqchi.

«Suriya armiyasining muvaffaqiyati, siyosiy jarayonning rivojlanishi va umumiy vaziyat yaxshilangani, barqarorlikka qaratilgan harakatga javoban, bizning raqiblarimiz bizni g‘alabamizdan uzoqlashtirmoqchi. Eng asosiysi, bu AQSh boshchiligidagi G‘arb va ularning Yevropa hamda mintaqamizdagi qo‘g‘irchoqlari, Suriyadagi yollanma odamlari. Ular terrorchilik guruhlarni qo‘llab-quvvatlab, ularning yangi kuchlariga Suriyaga kirib borishda yordam ko‘rsatib, siyosiy jarayonga to‘sqinlik qilib, shu ishlarni amalga oshirmoqdalar», - dedi u.

Uning aytishicha, Damashqning asosiy vazifasi - G‘arbga qaraganda tezroq harakat qilish.

«Mening fikrimcha, biz buni uddalamoqdamiz. Aniq muddatlarni aytish qiyin. Biroq, biz bunga yaqinlashmoqdamiz, bu aniq ko‘rinib turibdi», - deya aytib o‘tdi Suriya prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Suriyaning Abxaziya va Janubiy Osetiya bo‘yicha qarorini qoralagandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid