17:55 / 01.06.2018
19117

O‘FA bayonoti: “Iftixor” FK direktori va katta murabbiyi futboldan butunlay  chetlatildi

Foto: KUN.UZ

KUN.UZ tahririyati Yoshlar ittifoqi vasiyligida faoliyat yurituvchi “Iftixor” futbol klubi mutasaddilari tomonidan jamoaning ikki himoyachisi Tursunboy Husanov va Hasanboy Ergashevlarni ayovsiz kaltaklangani haqida xabar berib, ikki futbolchi bilan tayyorlangan suhbatni o‘z o‘quvchilariga havola qilgan edi.

Bugun, 1 iyun kuni O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi ayni damda "Iftixor" futbol klubi direktori Ahror Ergashevning klub futbolchilariga nisbatan tajovuzkor xatti-harakatlarni amalga oshirgani yuzasidan bayonot berdi.

Unga ko‘ra, Ahror Ergashev hamda klub katta murabbiyi Nodir Qo‘ziboyevning ushbu xatti-harakatlari asosida surishtiruv ishlari boshlangan hamda ushbu holat yuzasidan ayni damda tekshiruv davom etmoqda.

O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi 1-vitse prezidenti Umid Ahmadjonov ulkan islohotlar amalga oshirilayotgan bir paytda o‘zbek futbolida bunday xunuk holatlar kuzatilmasligi lozimligini ta'kidlagan.

“Yurtimizda futbolni isloh qilish, uni yangi darajaga olib chiqish, o‘zbek futboli dovrug‘ini dunyoga yoyish yo‘lida katta ishlar boshlanganidan barchaning xabari bor. Hukumat darajasida futbolimizga katta e'tibor qaratilayotgan bir paytda ko‘ngilni xira qiladigan bunday holat yuz berganini aslo yoqlab bo‘lmaydi. Har qanday holatda ham hech bir futbolchiga nisbatan klub rahbariyatining kuch ishlatishga haqi yo‘q,— deydi Umid Ahmadjonov.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, “Iftixor” futbol klubi direktori Ahror Ergashev va klub katta murabbiyi Nodir Qo‘ziboyev har qanday futbol faoliyati olib borishdan butunlay chetlatildi.

Top