O‘zbekiston | 01:24 / 01.06.2018
10565
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti va Moskva davlat universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi

Prezident tashabbusi bilan yangi ochilgan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti vakillari ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish masalasi bo‘yicha Osiyo va Yevropa mamlakatlari faoliyatini o‘rgana boshladi. Xususan, ular Sankt-Peterburg universiteti qoshidagi Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar instituti hamda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti jurnalistika fakulteti faoliyatini o‘rganishdi. Shu kunning o‘zidayoq O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti rektori Sherzod Qudratxo‘jayev va MDU jurnalistika fakulteti dekani Ye.Vartanova o‘zaro hamkorlik haqida Memorandumni imzolashgan.

Bu ikki oliy o‘quv dargohlari Rossiya Federatsiyasida jurnalist kadrlarni tayyorlash bo‘yicha eng yirik tashkilotlar hisoblanadi. Sankt-Peterburg universitetida O‘zbekiston vakillarini universitetning xalqaro faoliyat bo‘yicha prorektor S.V.Andryushin va mazkur institut direktori, professor A.S.Puyu qabul qilib, institut faoliyati haqida gapirib berdi.

«Bu yerda talabalarninng amaliyoti yaxshi tashkil qilingan va amaliyot bo‘yicha hisobotlarni hamda bitiruv malakaviy ishlar himoyasini asosan amaliyotda ishlaydigan jurnalistlar qabul qilarkan, fakultet professor-o‘qituvchilari bu jarayonga aralashmaydi. Jami talabalar soni bir yarim ming nafardan ko‘p kishini tashkil etadi», deb fikrini bildiradi universitetga yangi tayinlangan rektor Sherzod Qudratxo‘jayev.

Fakultet dekani professor Ye.L.Vartanova mehmonlarni fakultet multimediaviy vositalar markazi hamda kutubxonasi bilan tanishtirdi. Bu yerda tele va radiomarkazlar mavjud bo‘lib, talabalar video va audio materiallarni tayyorlashning barcha bosqichlarini o‘zlari bajarishadi. Ularning ijodi mahsuli Youtube kanali va fakultet veb-saytiga joylashtiriladi. MDU jurnalistika fakulteti o‘qituvchilari katta miqdorda o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tayyorlashga qodir va o‘quv jarayonini ushbu o‘quv qo‘llanmalar bilan to‘liq o‘zlari ta'minlaydi.

Ma'lum qilinishicha, yaqin kunlarda boshqa davlatlar, jumladan Koreya Respublikasi, Turkiya va Germaniya tajribasini o‘rganish va ular bilan ham memorandumlar tuzish ko‘zda tutilmoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, yaqin vaqt ichida Janubiy Koreya, Turkiya va Germaniya davlatlari bilan ham xuddi shunday shartnomalar imzolash ko‘zda tutilmoqda.

Mavzuga oid