Jamiyat | 09:59 / 02.06.2018
11717
3 daqiqa o‘qiladi

Bolaga kitob o‘qib berish emas, qanday kitobni o‘qib berish muhim

Foto: iStock

Jahon adabiyotida o‘ziga xos o‘ringa ega ijodkor Henrix Hayne bolalik xotiralari haqida yarmi hazil, yarmi chin ma'noda shunday yozadi: “Onam bolaligimda she'rlar o‘qib berardi, men shoir bo‘ldim. Amakivachchamning onasi faqat qaroqchilar haqida kitoblar o‘qib berardi, u bankir bo‘ldi”.  Aminmizki, bu gapi bilan u hamma bankirlarni ham qaroqchi demoqchi bo‘lmagan va biz bugun tilga olmoqchi bo‘lgan mavzu ham bu haqda emas.

Aytmoqchi bo‘lganimiz, bugun kitob mutolaasiga e'tibor davlat siyosati darajasida ko‘tarildi. Shunga hamohang xalqimizning ham kitobxonlikka munosabati tubdan o‘zgarmoqda. Boshqacha qilib aytganda, kitobning “obro‘”si oshmoqda. Ya'ni, farzandlarimizni kichik yoshidanoq mutolaaga qiziqtirish, ularga turli kitoblar sovg‘a qilish, hali harf tanimaydiganlariga ham ota-onalarining kitob o‘qib berishi yaxshi odatga aylanmoqda. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor.

Chindan ham, murg‘ak bolakaylarga kitob o‘qib berish go‘zal fazilat, ammo qanday kitoblarni o‘qib berish masalasi muhim. Chunki, hech kimga sir emaski, kitob rastalarida “Ertaklar” nomi ostida turgan kitoblarning hammasi ham bola xarakterini to‘g‘ri shakllantirishga xizmat qilmaydi. Misol uchun, ayrim ertaklarda bahodir “yomon odam”ni qilich bilan o‘ldirib tashlagani, boshini tanidan judo qilgani, jardan uloqtirib yuborgani tasvirlanadi. Uxlash oldidan mana shunday ertaklarni eshitgan bolada bahodir bo‘lish orzusi tug‘ilishi shubhasiz. Ammo bahodirlik odam o‘ldirishmi?! Bizning tarbiyamizga ko‘ra, yomonning jazosini Xudo bermaydimi? Umuman, bolani xunrezlikka chorlamaydigan, yorug‘ maqsadlarga undaydigan ertaklarga bo‘lgan ehtiyoj bugungi kunning dolzarb masalasidir. Shu bois ham ota-onalar farzandiga ertak o‘qib berishdan avval o‘sha ertakni oldin o‘zi o‘qib, loyiq deb topganidan keyingina jajji ong, vujud egasiga havola qilishi lozim.

Shundagina biz jallod “bahodir”larni emas, zamonamiz qahramonlarini tarbiyalay olamiz.

Zuhal RO‘ZIYeVA

Mavzuga oid